Spot o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil mart oyida o‘zbekistonliklar rekord miqdorda mikroqarz oldi.

Birinchi chorakda mikroqarzlar berish hajmi 18,7 trln so‘mdan oshib ketdi — bu 2024-yilning shu davridagi ko‘rsatkichidan 2,29 barobar ko‘p. Xususan, yanvar oyida O‘zbekiston fuqarolari 5,56 trln so‘mlik (o‘tgan yilga nisbatan 2,14 barobar ko‘p), fevral oyida 5,97 trln so‘mlik (2,25 barobar o‘sish), mart oyida esa 7,16 trln so‘mlik (2,46 barobar o‘sish) mikroqarzlarni rasmiylashtirishdi.

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil oktabr oyidan boshlab mikrokreditlar ajratish hajmi har oy yangi rekordni o‘rnatmoqda.

Mikrokreditlash hajmi ham sezilarli darajada o‘sdi: birinchi chorakda mikrokreditlar berish 88,9%ga — 2,88 trln so‘mdan 5,45 trln so‘mgacha ko‘paydi. Yanvar oyida 1,3 trln so‘m (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,37 barobar ko‘p), fevralda 1,99 trln (2,05 barobar o‘sish), martda esa 2,15 trln so‘m (+57,9%) miqdorida mikrokreditlar berildi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-mart oylarida jismoniy shaxslar tomonidan rasmiylashtirilgan kreditlar hajmi 34,9 trln so‘mni tashkil etib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 74%ga oshgan. Ularning yarmidan ko‘pi mikroqarzlarga to‘g‘ri keldi. Ikkinchi o‘rinda mikrokreditlar — 15,6%. Shunday qilib, mikrokreditlashning umumiy ulushi 69 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, Markaziy bank mikroqarzlar va kredit kartalari (overdraft) konsentratsiyasi bo‘yicha banklarga qo‘yiladigan talablarni yanada kuchaytirmoqda. Ularning banklarning umumiy kredit portfelidagi ulushi 25%dan oshmasligi kerak. Regulyator yangi talablarga mos kelmaydigan banklarga 2029-yil 1-yanvargacha muhlat berdi.

Bundan tashqari, regulyator mikroqarzlar bo‘yicha ortiqcha to‘lovning eng yuqori miqdorini yiliga 50% bilan cheklaydi. Mikroqarzlar uchun kunlik eng yuqori foiz stavkasi ham 0,3%dan 0,25%gacha pasaytirilmoqda. Qarz oluvchining qarz yuki ko‘rsatkichi uning o‘rtacha oylik daromadiga nisbatan mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha oylik to‘lovlar summasining 50%i darajasida belgilangan.

Markaziy bankning mazkur qarori rasmiy e’lon qilinganidan so‘ng uch oy o‘tgach, ya’ni 24-iyuldan boshlab kuchga kiradi.


Avvalroq Spot Markaziy bank mikroqarz olishda minimal daromad miqdorini belgilashni taklif qilgani haqida yozgandi. Shu bilan birga, regulyator mikroqarzlarning o‘sishi bo‘yicha xatarlarni yengillashtirish maqsadida kredit summasini qarz oluvchining yillik daromadiga nisbati cheklovini joriy etish kerakligini bildirdi.