2025-yilning birinchi yarmida Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan 60,8 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,4% ga o‘sib, 1,53 mln troy unsiyadan ortiq oltinni tashkil etdi. Biroq, o‘tgan yilning shu davri hisoboti bilan taqqoslaganda, so‘mdagi ishlab chiqarish hajmi 44% dan ko‘proqqa oshgan.

Kap Deponing qayd etishicha, hisob-kitoblar bir troya unsiya uchun $3113 narxdan kelib chiqib amalga oshirilgan.

Investitsiya dasturi doirasida mablag‘larni o‘zlashtirish qariyb 40% ga — $363,5 mlndan 219,5 mlngacha qisqardi. Yaratilgan ish o‘rinlari soni 4 barobardan ziyod ko‘payib, 1190 taga yetdi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida 757,5 mlrd so‘mlik (+60,6%) mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarildi. Tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha 3,6 trln so‘mdan ortiq (+12,5%) mahsulot xarid qilindi.

NKMKning ma’lum qilishicha, “Muruntov karyerini qayta ishlash. V navbat II bosqich” loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgan. Bu loyihani amalga oshirish natijasida Muruntov konidan 2-gidrometallurgiya zavodiga oltin tarkibli rudani yetkazib berish hajmini 60 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.

Muruntov dunyodagi eng yirik ochiq kon bo‘lib, uning resurs bazasi 101 mln unsiya oltinga teng. NKMKning umumiy foydali qazilma zaxiralari 140 mln unsiyaga baholanmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari bir oyda $1,11 mlrdga kamaygani haqida xabar berilgandi. Markaziy bankning xalqaro aktivlari $48,55 mlrdni tashkil etdi. Oltin zaxiralari qiymati rekord ko‘rsatkichni yangilab $38,42 mlrdga yetdi.