O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida (O‘zRTXB) AI-80 benzini narxi 2025-yil boshidan beri maksimal darajani yangiladi. Bu haqda savdo maydonchasi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

10-iyul kuni AI-80 benzini narxi 0,5% ga oshib, bir tonnasi uchun 10,19 mln so‘mni tashkil etdi. Mazkur yoqilg‘i narxi joriy yilda birinchi marta 4-iyul kuni tonnasi uchun 10 mln so‘mdan oshib, har kuni qimmatlashishda davom etmoqda.

Narxlar oshishiga 10-iyundan boshlab tovar-xom ashyo birjasi AI-80 benzini narxining sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 5% miqdorida o‘sishiga qo‘yilgan cheklovni olib tashlagani ta’sir qildi.

2024-yilning noyabr oyida Raqobat qo‘mitasi tomonidan joriy etilgan narx chegarasi bekor qilingach, AI-80 benzini 7,7% ga qimmatlashdi. Shu bilan birga, sotuv hajmi deyarli 8,6% ga — 1805 tonnadan 1650 tonnagacha kamaydi.

O‘tgan noyabr oyida AI-80 benzinining birja narxi bir tonnasi uchun psixologik ko‘rsatkich — 10 mln so‘mdan oshdi. Shundan so‘ng, Raqobat qo‘mitasi bir tonna AI-80 benzinining maksimal narxini 9 377 555,25 so‘m etib belgiladi. Avtomobil yoqilg‘isining asosiy ishlab chiqaruvchisi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi hisoblanadi.

Joriy yilning fevral oyida prezident 2025-yil oxirigacha AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va uni sotishni cheklash, aholini “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i” bilan ta’minlash uchun “barcha kuch va vositalarni safarbar qilish” bo‘yicha topshiriq bergandi.

Avvalroq O‘zbekistonda isitish mavsumida mazutdan foydalanish davom etishi haqida xabar berilgandi.