Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari xorijdan qaytgan fuqarolarni majburiy OIV tekshiruvidan o‘tkazishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisda “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi hamda “Aholi bandligi to‘g‘risida"gi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun ko‘rib chiqildi.

Unga ko‘ra, 90 kun va undan ortiq muddat chet elda bo‘lib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, mamlakatda doimiy yashaydigan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar OIVga majburiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu ishlash uchun O‘zbekistonga kelayotgan xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmaganlar uchun ham tatbiq etiladi.

Majburiy tibbiy tekshiruv o‘zbekistonliklar uchun budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Mamlakatda yashovchi yoki ishlash uchun kelgan xorijliklar esa o‘z mablag‘lari yoki ish beruvchisi hisobidan tekshiruvdan o‘tadi.

Shuningdek, qonun loyihasi bilan xususiy bandlik agentliklari uchun litsenziya olish tartibiga yangi shartlar kiritilmoqda. Bunda ular xorijdan ish qidirayotgan fuqarolarni mamlakatning tegishli qonunchiligi, unda bo‘lish qoidalari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish va zarur materiallar bilan ta’minlash majburiyati yuklatiladi.

Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Murodbek Mahmudov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida uch oydan ortiq xorijiy davlatda bo‘lib qaytgan fuqarolarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishi majburiy emasligi yuqumli kasalliklarni vaqtida aniqlashga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Shundan kelib chiqib, chegara, mahalla, IIV va SSV axborot tizimlarini integratsiyalash orqali chet eldan qaytgan fuqarolarni elektron tarzda nazorat qilish va ularni tibbiy ko‘rikka yo‘naltirish tizimi joriy etiladi.

Deportatsiya qilingan migrantlardan xarajatlarni undirish tartibi belgilangan. Fuqarolar Migratsiya jamg‘armasi hisobidan xorijdan qaytarilsa, ulardan xarajatlar undirilib, subsidiya va kompensatsiyalar bekor qilinadi. Xorijdan deportatsiya qilinganlarga ikki yilgacha “zagran” pasport berilmaydi.

Iyun oyida Senat tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi qonunni qayta ishlashga yuborgandi. Bandlik agentliklarini migrantlarning xorijda ishlash sharoitlarini tekshirishga jalb qilish taklif etilmoqda.