O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasida propan narxi 35%ga oshdi. Bu haqda savdo maydonchasi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
10-iyul kuni suyultirilgan gaz narxi 2,2% ga oshib, bir tonnasi uchun 7,01 mln so‘mni tashkil etdi.
Propan savdosi hajmi oldingi kunga nisbatan 993 tonnadan 1100 tonnagacha oshganiga qaramay, taklif yoz boshidagi darajadan ancha past — 1500 tonnadan yuqori darajada qolmoqda. Iyul oyi boshidan beri suyultirilgan gaz 6,1% ga, 2-iyundan boshlab esa 35,5% ga qimmatlashgan.
O‘tgan yilning noyabr oyi boshida Raqobat qo‘mitasi suyultirilgan gaz narxining oshishiga sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 20% miqdorida cheklov joriy etgandi.
Aprel oyi oxirida metan narxi ko‘tarilishi fonida birjada propan narxi keskin oshdi. Ikki hafta ichida propan 20,9% ga, sotish hajmi esa 18,41% ga oshib, 1891 tonnaga yetdi.
Iyun oyida Shavkat Mirziyoyev suyultirilgan gaz yetkazshda 60−70 kunlab uzilishlar kuzatilayotganini ta’kidlagandi. Ayniqsa, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida murojaatlarning 70%i gaz ta’minoti bilan bog‘liq.
“Issiq kunlarda gazda shuncha muammo bo‘lsa, qishda odamlar qozonini nimada qaynatadi?”, — dedi davlat rahbari.
Prezident sektor rahbarlariga “so‘nggi ogohlantirish” berib, ikki hafta muddatda muammolarni bartaraf etishni topshirdi, aks holda ular lavozimidan ozod etiladi.
Avvalroq birjada AI-80 benzini narxi yil boshidan beri eng yuqori ko‘rsatkichni yangilab, 10 mln so‘mdan oshgani haqida xabar berilgandi.