Avvalroq, 9-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sherzod Ibragimov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida mamlakatda eskirkan avtomobillar ekspluatatsiyasidan voz kechish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari yo‘l infratuzilmalarining nosozligi oqibatida kelib chiqayotgan yo‘l transport hodisalarining oldini olish maqsadida jalb qilinadigan moliyaviy manbalarni belgilab bergan.

Shu bilan birga, hududiy hokimliklar bilan birgalikda YTHlarning oldini olish ishlari monitoring qilinadi. YPX xodimlarining malakasini oshirish uchun qayta tayyorlov ishlari tashkil etiladi.

avtomobillar, iiv, prezident, yhxx, yo‘l harakati qoidabuzarliklari

“Prezidentimiz tomonidan takliflarimiz ma’qullandi. Bu ishlab chiqarilganiga uzoq yillar bo‘lgan, ma’nan eskirgan transport vositalari bo‘yicha alohida yo‘nalish belgilab, qonunchilikka tegishli o‘zgartirish kiritish masalasini nazarda tutadi. Bu bo‘yicha Oliy Majlis [Qonunchilik palatasi] va Senat vakillari bilan ishlab, natijalarini taqdim etamiz”, — dedi Sherzod Ibragimov.

Bundan tashqari, u davlat rahbari tomonidan belgilangan vazifalar to‘liq bajarilishini ta’minlashga va’da berdi. Uning aytishicha, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining shaxsiy tarkibi bu boradagi barcha ishlarni ochiqlikda olib boradi va natijalar jamoatchilikka e’lon qilinadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Milliy tiklanish partiyasi raisi Alisher Qodirov 40−50 yillik avtomobillarni bosqichma-bosqich iste’moldan chiqarish “juda to‘g‘ri taklif” ekanligini qayd etdi.

“Xatto bu cheklovni 25−30 yilga tushirish ham noto‘g‘ri bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Faqat mashinani almashtirish uchun qulay takliflar bo‘lishi kerak”, — deb yozdi u o‘z Telegram-kanalida.

2030-yilgacha Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida Yevro-5 va undan yuqori standartlariga javob bermaydigan avtomobillar ekspluatatsiyasini bosqichma-bosqich cheklash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, fevral oyida prezident 2025-yil yakunigacha aholini sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i bilan ta’minlagan holda AI-80 avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va uni sotishni cheklash bo‘yicha topshiriq bergandi.

Avvalroq davlat rahbari barcha tashkilot va mahallalardagi asossiz qo‘yilgan taqiqlovchi belgilarni olib tashlashni topshirgani haqida xabar berilgandi. Endi rahbarlarning xizmat mashinasiga yo‘llarda ustunlik berilmaydi. Bundan hukumat qarori bilan tasdiqlangan ro‘yxatdagi avtomobillar mustasno.