Saidazim Gulyamov UzAuto Motors Powertrain kompaniyasi bosh direktori etib tayinlandi. Bu haqda 8-iyul kuni Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan muhim faktdan ma’lum bo‘ldi.

30-iyun kuni davlat kompaniyasi aksiyadorlarining yillik yig‘ilishida Saidazim Gulyamovni UzAuto Motors Powertrain bosh direktori lavozimiga tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. U bilan bir yil muddatga mehnat shartnomasi tuziladi. Kuzatuv kengashi bu qarorni 23-iyunda ma’qullagan.

O‘zavtosanoat matbuot kotibi Javohir Xo‘jayev Spot’ga Saidazim Gulyamov rasman UzAuto Motors Powertrain bosh direktori etib tayinlanganini tasdiqladi.

Qariyb 3,5 yillik faoliyatidan so‘ng Bu Andersson UzAuto Motors va UzAuto Motors Powertrain rahbari lavozimlarini tark etgach, 2024-yilning dekabr oyi oxirida Saidazim Gulyamov UzAuto Motors Powertrain bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi.

Dastlab Gulyamov yangi rahbar tayinlangunga qadar kompaniya rahbari vazifasini bajaruvchi bo‘lib qolishi ma’lum qilingandi. Bu masala bo‘yicha qaror 2025-yil 30-iyunga qadar qabul qilinishi kerak edi. Bu vaqtda esa, unga bosh direktorga beriladigan barcha huquq va majburiyatlar beriladi.

Iyun oyida Yanosh Kovach UzAuto Motors’ning yangi bosh direktori etib tayinlandi. Bu lavozimda u yanvar oyidan buyon Bu Andersson ketganidan keyin bosh direktor vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlagan Odiljon Bastamkulov o‘rnini egalladi.