Joriy yilning 1-avgust oyidan chiqindi xizmatlaridan qarzdor fuqarolarning elektr energiyasi uchun to‘lovlariga cheklov o‘rnatiladi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Joriy yilning mart oyida prezident tomonidan imzolangan tegishli qonun bilan mamlakatda chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha to‘lov intizomini kuchaytirishga qaratilgan yangi tartib joriy etilmoqda. Bunda elektr energiyasi uchun to‘lovlar chiqindi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga bog‘liq bo‘ladi.
Endi har oyning 3-sanasigacha qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar agentlikning Toza makon billing elektron tizimidan Hududiy elektr tarmoqlari kompaniyasining billing tizimiga uzatiladi.
Undan keyin chiqindi xizmatlaridan qarzdor abonentlarga har oyning 5-sanasigacha HET’ning 2100 qisqa raqamidan SMS-xabarnoma yuborilib, undan keyin qarzdorlikni bartaraf etish uchun 5 kun vaqt beriladi. Bu muddat ichida mavjud qarzdorlik to‘lanishi lozim.
Abonentlar tomonidan belgilangan muddatda qarzdorlik bartaraf etilmasa, ularda elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi. Shu bilan birga, bu cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilan avtomatik tarzda yechiladi.
Mazkur tartib 2025-yilning 30-iyunigacha bo‘lgan qarzdorliklar uchun tatbiq etilmaydi hamda 1-iyuldan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun 1-avgustidan boshlab qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, agentlik sanitar tozalash korxonalari chiqindi to‘lovlarini hisoblashda aniqlik va haqqoniylik uchun javobgar ekanliklarini eslatmoqda. Agar xizmat o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilmasa, shu kunlardagi xizmatlar uchun to‘lovlar qayta hisob-kitob qilinadi.
Fuqarolar xizmat sifati bo‘yichas taklif hamda shikoyatlarini Chiqindilarni boshqarish agentligining 24/7 rejimida ishlaydigan 1205 qisqa raqamiga murojaat qilish mumkin.
Chiqindidan qarzdorlik uchun “svet"dan uzish
2024-yil boshida qabul qilingan prezidentning chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilashga qaratilgan farmonida chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib borish belgilangan.
Bunda, o‘tgan yilning 1-iyunidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida (6 oylik qarzdorlik uchun), 1-noyabrdan mamlakatning barcha hududlarida (3 oy) hamda 2025-yildan barcha hududlarda bir oylik qarzdorlik uchun ogohlantirishdan keyin to‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash nazarda tutilgan.
Oktabrga kelib, chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi bor fuqarolar elektr to‘lovlari cheklanishidan ogohlantirila boshlandi. “Hududiy elektr tarmoqlari” faqat bildirishnoma jo‘natish bilan cheklanib, elektr energiyasi uchun esa to‘lov qilish mumkin.
Bu elektr energiyasi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga hamda “HET” va iste’molchilar o‘rtasidagi shartnomalar shartlariga o‘zgartirishlar kiritish talab etilishi bilan izohlandi.
Undan keyin kompaniya 1-noyabrdan chiqindidan qarzi borlar elektr energiyasidan tо‘liq uzilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. To‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklashni joriy qilish bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 24-dekabrda qabul qilingan, Senat tomonidan esa joriy yilning 21-fevralida ma’qullangan. Mart oyiga kelib prezident tomonidan imzolandi.