Elektr energiyasi uchun to‘lovlar maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga bog‘liq bo‘ladi. Tegishli qonunni 7-mart kuni Shavkat Mirziyoyev imzoladi.
“Qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar sanitariya tozalash sohasida “to‘lov intizomi"ni oshirishni maqsad qilgan”, deb ta’kidlanadi hujjat muqaddimasida.
Tuzatishlar dekabr oyida Qonunchilik palatasida yakuniy o‘qishdan o‘tdi va fevral oyida Senat tomonidan ma’qullandi.
“Elektr energetikasi to‘g‘risida"gi qonunda chiqindilarni olib chiqib ketish uchun to‘lovlar bo‘yicha to‘lanmagan qarzdorlik mavjud bo‘lganda elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qabul qilishni cheklash imkoniyati belgilangan. Qarzdorlik bartaraf etilishi bilan cheklovlar avtomatik tarzda bekor qilinadi.
Iste’molchilarga oldindan qarzdorlik haqida SMS-xabarnoma yuboriladi va cheklov choralari kuchga kirgunga qadar qarzni to‘lash uchun 5 kun muhlat beriladi.
Fuqarolik kodeksida energiya ta’minoti shartnomasiga qonunchilikka muvofiq “boshqa majburiyatlar"ni kiritish imkoniyati belgilangan. Shuningdek, yangi tartibni huquqiy ta’minlash maqsadida Uy-joy kodeksi va “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Qonun e’lon qilinganidan uch oy o‘tgach, ya’ni 8-iyundan boshlab kuchga kiradi.
Chiqindidan qarzdorlik uchun “svet"dan uzish
2024-yil boshida qabul qilingan prezidentning chiqindilarni boshqarish tizimini yaxshilashga qaratilgan farmonida chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib borish belgilangan.
Bunda, o‘tgan yilning 1-iyunidan Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida (6 oylik qarzdorlik uchun), 1-noyabrdan mamlakatning barcha hududlarida (3 oy) hamda 2025-yildan barcha hududlarda bir oylik qarzdorlik uchun ogohlantirishdan keyin to‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash nazarda tutilgan.
Oktabrga kelib, chiqindi xizmatlaridan qarzdorligi bor fuqarolar elektr to‘lovlari cheklanishidan ogohlantirila boshlandi. “Hududiy elektr tarmoqlari” faqat bildirishnoma jo‘natish bilan cheklanib, elektr energiyasi uchun esa to‘lov qilish mumkin.
Bu elektr energiyasi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlarga hamda “HET” va iste’molchilar o‘rtasidagi shartnomalar shartlariga o‘zgartirishlar kiritish talab etilishi bilan izohlandi.
Undan keyin kompaniya 1-noyabrdan chiqindidan qarzi borlar elektr energiyasidan tо‘liq uzilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. To‘lov qilmaganlarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklashni joriy qilish bo‘yicha texnik ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi.
Mazkur qonun loyihasi dekabr oyida Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgandi. Unda besh kun ichida chiqindidan qarzini uzmagan iste’molchilarga elektr to‘lovi uchun taqiq qo‘yilishi aytilgandi.