O‘zbekistonliklarning 80%dan ortig‘i to‘y xarajatlarini qarzlar va qarindoshlarining yordami hisobidan qoplaydi. Bu haqda Yuksalish umummilliy harakati tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda ma’lum bo‘ldi.
Yuksalish harakati 19-iyundan 3-iyulgacha O‘zbekistondagi to‘ylar mavzusida aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda 1247 kishi ishtirok etgan bo‘lsa, ularning 71%idan ortig‘i turmush qurgan.
Tadqiqot mamlakatning barcha hududlarini qamrab olgan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘istondandan ishtirok etgani respondentlar ishtirokchilarning umumiy sonining chorak qismidan ko‘proqni tashkil etdi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning katta qismi — 81,24% (ayniqsa, viloyatlarda yashovchilar) — o‘z oilasining o‘rtacha oylik daromadini 5 mln so‘mdan 12 mln so‘mgacha deb ko‘rsatgan.
Qolgan respondentlarning oila budjeti bo‘yicha o‘rtacha oylik daromadi taqsimoti quyidagicha ko‘rinishda:
- 44,43% — 5 mln so‘mgacha:
- 23,82% — 5−8 mln so‘m;
- 12,99% — 8−12 mln so‘m
Respondentlarning 65,2%i rejalashtirilgan va amalda sarflangan mablag‘larning 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha bo‘lishini ta’kidlashgan.
Yuksalish harakating qayd etishicha, bu ko‘rsatkich ko‘plab oilalar uchun bir yillik daromadga teng yoki undan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
Moliyalashtirish manbalari haqida so‘ralganida, ishtirokchilarining yarmidan ko‘pi to‘yni o‘zlari va yaqinlarining yordami hisobidan o‘tkazishini bildirgan.
Ularning 25,1%i qarz olganliklarini yoki olishni rejalashtirayotganliklarini aytishgan. Atigi 14%i daromadini yetrali deb hisoblab, to‘y xarajatlarini mustaqil ravishda qoplay oladi.
“To‘y — ko‘plab oilalar uchun ulkan moliyaviy yuk, ularning mavjud daromadlariga mutlaqo mos kelmaydi va qarzga botiradi, bu esa yangi turmush boshlayotgan oilalar yoki ularning ota-onalari uchun moliyaviy barqarorlikka jiddiy xavf tug‘diradi”, — deyiladi tadqiqotda.
“To‘yga katta xarajat qilishga nima sabab bo‘ladi?” degan savolga ular ko‘pincha shaxsiy istaklardan ko‘ra tashqi omillarni ko‘rsatgan.
46,11% respondentning tanloviga ko‘ra, to‘y qilishga undovchi eng asosiy sabab — bu “jamiyat bosimi” yoki “elga to‘y berish majburiyati"dir.
Yuksalish’ning ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkich to‘y marosimining bizning madaniyatimizda faqat shaxsiy emas, balki ijtimoiy baho mezoniga aylanganini yaqqol namoyon etadi. “Uyat bo‘lmasin”, “yuzimiz yerga qaramasin” degan ruhiy bosim esa ko‘plab oilalarni o‘z imkoniyatlaridan ortiq xarajat qilishga majbur qilmoqda.
Boshqa sabablar qatorida kelin-kuyovlarning xohish-istaklari (31,33%), ota-onalarning orzu-havasi (29,09%), sovchilarning talablari (16,59%) va qarindoshlarning bosimi (11,14%) ni sanab o‘tish mumkin.
“Yuqori to‘y xarajatlari ko‘proq yoshlarning shaxsiy tanlovidan emas, balki katta ijtimoiy bosim va ota-onalar hamda jamiyat kutgan umidlar natijasida yuzaga kelayotgan holatdir”, — deya ta’kidlaydi Yuksalish.
Bundan tashqari, so‘rovda qatnashganlarning eng katta qismi to‘y xarajatlarini shaxsiy tanlov deb hisoblasa-da, ularning qariyb yarmi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita jamiyat bosimini tan olgan.
Respondentlarning 44,51%dan ortig‘i to‘y uchun sarflangan mablag‘lardan afsusda ekanliklarini bildirishgan. Muqobil variant sifatida ular ta’lim, uy-joy sotib olish, sayohat, sog‘liqni tiklash, biznesga sarmoya kiritishni afzal ko‘rishadi.
So‘rovnoma ishtirokchilari to‘y an’analarini isloh qilish va soddalashtirish, jumladan, mehmonlar soni va marosim ko‘lamini, to‘ydan oldingi va keyingi ba’zi tadbirlarni qisqartirish tarafdori. Atigi 7,14% ishtirokchi hech qanday o‘zgarish talab qilinmaydi, deb hisoblaydi.
Yuksalish o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasi asosidagi umumiy xulosalarni taqdim qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi zamonaviy to‘y xarajatlari ko‘plab oilalarni qarzga botirayotgan bo‘lib, bu ularning turmushni boshlash imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Isrofgarchilikning asosiy sababi shaxsiy istaklar emas, balki ijtimoiy bosim, “ko‘z-ko‘z qilish” madaniyati va katta avlodning kutishlari hisoblanadi.
Jamiyatda ratsional fikrlash (xarajatlarni kamaytirish zarurati) bilan an’anaviy irratsional xatti-harakatlar (odamlar nima deydi degan qo‘rquv) o‘rtasida ichki ziddiyat mavjud.
Ko‘pchilik aholining fikricha, to‘y marosimlarini soddalashtirish, hajmini kamaytirish va ortiqcha odatlardan voz kechish zarur va qo‘llab-quvvatlanadi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonliklar mart oyida rekord darajadagi 7 trln so‘mlik mikroqarzlar olgani haqida yozgandi.