Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda berilgan ipoteka kreditlari hajmi va qarz oluvchilar soni sezilarli darajada oshgan.
Yanvar-iyun oylarida mamlakat bo‘yicha jami 9,43 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan bo‘lib, bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 37,08%ga ko‘pdir. Shu bilan birga, ipoteka kreditlari qoldig‘i 72,8 trln so‘mga yetib, yarim yil ichida 5,1 trln so‘mga oshdi.
Ipoteka krediti oluvchilar soni 20,5%ga oshib, 26,2 mingdan 31,5 mingga yetdi. Kreditning o‘rtacha miqdori 13,7%ga o‘sib, 300 mln so‘mga yaqinlashdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 6,38 trln so‘mlik ipoteka kreditlarini moliyalashtirdi (74,04%lik o‘sish bilan). Buning natijasida umumiy kredit berishdagi davlat ulushi 53,3%dan 67,7%gacha ko‘tarildi. Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi esa ipoteka kreditlari berishni 6,2%ga qisqartirib, 800 mlrd so‘mdan kamroq miqdorni tashkil etdi.
O‘z navbatida, ipoteka kreditlashda banklarning roli sezilarli darajada pasaydi. 2024-yilning birinchi yarmiga nisbatan banklar tomonidan ipotekani moliyalashtirish 4,77%ga kamayib, 2,22 trln so‘mni tashkil etdi. Banklarning kredit ajratishdagi ulushi 34,3%dan 23,8%ga tushdi.
Ipoteka kreditlari berish bo‘yicha mutlaq yetakchilikni 2,95 trln so‘mlik ko‘rsatkich bilan (43,8%ga o‘sish) Toshkent saqlab qolmoqda. Natijada, poytaxtga barcha ipoteka kreditlashning uchdan bir qismiga yaqini to‘g‘ri keldi.
Ikkinchi o‘rinda Andijon viloyati joylashgan bo‘lib, u yerda aholi 747,2 mlrd so‘mlik ipoteka olgan (o‘sish 60,86%). Kuchli beshlikka Samarqand (713,5 mlrd so‘m, +17,2%), Farg‘ona (710,2 mlrd so‘m, +24,64%) va Xorazm (576,7 mlrd so‘m, +59,97%) viloyatlari ham kirdi. Boshqa ko‘plab hududlarda berilgan kreditlar hajmi 500 mlrd so‘mdan oshmagan.
Birlamchi bozorga barcha kreditlar hajmining 75%i ajratildi — bu 2024-yilning birinchi yarmiga nisbatan 14 foiz punktga ko‘pdir.
Ipoteka qarz oluvchilarining uchdan ikki qismidan sal kamrog‘i yoki 19,36 ming nafari erkaklardir. Bundan tashqari, kreditlarning 66%i 31 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolarga, 25%i 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarga, shuningdek, 9%i 50 yoshdan oshgan shaxslarga berilgan.
Avvalroq Spot 10-iyuldan ipoteka subsidiyasi uchun arizalar qabuli boshlangani haqida yozgandi.
Talabgorlar arizalarni Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona portal orqali jo‘natishlari mumkin.