Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Toshkentdagi Uchtepa City turar joy majmuasi qurilishini to‘xtatdi. Bu haqda 11-iyul kuni vazirlik o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Ushbu obyekt Great Vertex tomonidan ko‘p qavatli avtoturargohni rekonstruksiya qilish va uning bir qismini ilgari mavjud bo‘lgan avtoturargoh hududida ko‘p qavatli turar joy binosiga aylantirish loyihasi asosida amalga oshirilmoqda.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, Great Vertex 2019-yil aprelda tashkil etilib, turar-joy binolari qurilishi bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning ustav fondi 2,57 mlrd so‘mdan ortiq. Uning ta’sischilari Qalandarov Baxtiyor Rustamovich (19,7%), Latipov Xabibulla G‘anixonovich (42,5%), Qalandarov Davron Xasanovich va Atajonov Dilshodjon Xusanovich (har biri 18,9%)dir. Rahbar sifatida Asadov Zafar Ulug‘bekovich ko‘rsatilgan.

Kun.uz'ning yozishicha, 2018-yilda Uchtepa tumanining sobiq hokimi Shavkatbek Irgashev Elegant Avto Servis’ga ko‘p qavatli avtoturargoh qurish uchun 96 sotix yer ajratgan. Keyinchalik uchastka Great Vertexga o‘tdi. 2019 yilda kompaniya obyektni ixtisoslashtirish va rekonstruksiya qilish uchun ruxsatnoma oldi.

Qurilish vazirligining aniqlik kiritishicha, 2019-yil 6-noyabrda Uchtepa tumani qurilish bo‘limi tomonidan dastlabki ruxsatnoma berilgan, uning asosida 2020 yil 21 mayda Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i (ART) ishlab chiqilgan.

Shuningdek, Npts Masshtab Proyekt Stroy tomonidan loyiha hujjatlari ishlab chiqilib, 2023-yil 23-iyunda 73741-sonli xulosa bilan eskiz loyihasi tasdiqlangan. Keyinchalik buyurtmachining murojaatiga ko‘ra ART hujjatlari 2024-yil 31-yanvarda qayta rasmiylashtirilgan.

2025-yil 28-fevralda Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organi bino qavatini oshirish bo‘yicha arizani rad etdi. Kun.uz'ning aniqlik kiritishicha, 5 qavatli uy o‘rniga ikkita 16 qavatli va uchta 8 qavatli bino loyihasi ishlab chiqilgan.

Hozirga kelib, obyektda xandaq qazish va poydevor ishlari yakunlanib, yer osti darajasida montaj ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, inspeksiya tomonidan olib borilgan 13 marotaba nazorat tadbirlari davomida qurilish-montaj jarayonida ayrim ishlar tasdiqlangan loyiha hujjatlariga zid tarzda bajarilgani aniqlangan.

“Buning natijasida buyurtmachi tashkilot — Great Vertex mansabdoriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 99-moddasi 1-qismi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan”, — deyiladi xabarda.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, ayni vaqtda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmaguncha qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatilgan.


Avvalroq Spot Qurilish vazirligi qonunbuzilishi sababli Sergeli City turar-joy majmuasi qurilishini to‘xtatgani haqida yozgandi.