Shavkat Mirziyoyev prezident administratsiyasidagi lavozim tayinlovlari to‘g‘risidagi yangi farmonni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda.

Abdulaziz Hafizovich Komilov davlat rahbarining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Bungacha u 2022-yilning iyun oyidan buyon prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili, avvalroq esa tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.

Sardor Uktamovich Umurzakov bugun tashkil etilgan prezidentning strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u 2023-yilning avgust oyida prezident Administratsiyasi rahbari lavozimini tark etganidan keyin egallagan maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.

Davlat rahbarining boshqa maslahatchilari:

  • G‘ofurjon G‘aniyevich Mirzayev — kadrlar bo‘yicha maslahatchisi (2023-yil avgust oyidan shu kungacha kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi — Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori lavozimida ishlagan);
  • Ravshan Ayubovich Gulyamov — iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi (2023-yil avgustdan shu kungacha — prezidentning iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi);
  • Mansurbek Polvonzoda Olloyorov — ijtimoiy himoya bo‘yicha maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori (2023-yil iyun oyidan beri prezident maslahatchisi — IHMA direktori);
  • Ruslanbek Kuroltayevich Davletov — vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi (2024-yil dekabrdan prezidentning ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma'rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi).

Avvalroq prezident Administratsiyasi rahbarining beshta o‘rinbosari tayinlangani haqida xabar berilgandi. Maktabgacha ta’lim vaziri Hilola Umarova ta’lim sohasidagi islohotlarga, Sherzod Ozodzoda esa tadbirkorlik loyihalariga mas’ul bo‘ladi.