Shavkat Mirziyoyev prezident administratsiyasidagi lavozim tayinlovlari to‘g‘risidagi yangi farmonni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Alisher Baxadirovich Samadov prezident Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi. Bungacha u prezidentning huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
Doniyor Baxtiyorovich Kadirov Administratsiya Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi. 2023-yilning avgust oyidan shu kungacha u davlat rahbarining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgandi.
Gayane Olegovna Umerova administratsiya Kreativ iqtisodiyot va turizm bo‘yicha departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi. Shundan kelib chiqib, u administratsiyaning Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbari o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Sherzod Ikromovich Asadov prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamentining rahbari — prezident matbuot kotibi lavozimiga tayinlandi. 2023-yilning avgust oyidan buyin prezident matbuot kotibi lavozimida ishlab kelayotgandi.
Nodirjon Abduqunduzovich Abduraximov prezident Administratsiyasi Yig‘ilish va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u 2023-yil avgust oyidan buyon egallab kelayotgan administratsiyaning Rejalashtirish va axborot ta’minoti departamentining rahbari lavozimidan ozod etildi.
Bobur Botirovich Xodjayev administratsiyaning Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi;
Zilemxan Haydarov prezident Administratsiyasi Ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan administratsiya Moliya-xo‘jalik departamentining rahbari lavozimidan ozod etildi.
Ella Anatolevna Djaxangirova administratsiyaning Tadbirlarni tashkillashtirish departamentining rahbari lavozimiga tayinlandi. Bungacha u prezident protokolining rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
Shuningdek, prezidentining tegishli farmoni bilan quyidagi tayinlovlar amalga oshirildi:
- Erkin Turaqulovich Yuldashev — prezident Administratsiyasining Komplayens xizmati boshlig‘i;
- Azizbek Allabergenovich Urunov — Jahon savdo tashkiloti bo‘yicha vakili (bungacha prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili lavozimida ishlayotgandi);
- Aziz Yuldashevich Magrupov — prezidentining tashqi investitsiyalar bo‘yicha vakili (bungacha tashqi investitsiyalar masalalari bo‘yicha maslahatchi edi);
- Alisher Saidabbasovich Sultanov — prezidentning energetik xavfsizlik bo‘yicha vakili (shu kungacha — energetika xavfsizligi masalalari bo‘yicha maslahatchi);
- Odil Qalandarovich Abduraxmonov — sport bo‘yicha vakil (shu munosabat bilan prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamentining rahbari lavozimidan ozod etildi).
Avvalroq Abdulaziz Komilov, Sardor Umurzakov hamda Ruslanbek Davletov yangi lavozimlarga tayinlangani haqida xabar berilgandi. Xususan, Komilov davlat rahbarining tashqi siyosat, Umurzakov esa strategik rivojlanish bo‘yicha maslahatchisi bo‘ldi.