Avvalroq prezident davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirishga qaratilgan farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi. Hujjat bilan prezident Administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlanib, administratsiya va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirildi, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirildi.
Shu bilan birga, Administratsiyasi faoliyatida 5 ta ustuvor yo‘nalishlar — ta’lim, biznes, sud-huquq tizimi, tibbiyot va suv resurslari masalalari belgilandi. Bu yo‘nalishlarda islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida prezident Administratsiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar berishicha, davlat rahbarining tegishli farmoni bilan prezident Administratsiyasi rahbarining yangi o‘rinbosarlari tayinlandi.
Unga ko‘ra, Hilola Uktamovna Umarova prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u 2022-yil oxiridan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimidan ozod etildi.
Bundan tashqari, quyidagi tayinlovlar amalga oshirildi:
- Tamila Anvarovna Aliyeva prezident Administratsiyasi rahbarining tibbiyotni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga;
- Timur Nuryigitovich Butunbayev prezident Administratsiyasi rahbarining suv ta’minoti tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi;
- Nodira Jalalovna Hakimova prezident Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi;
- Sherzod Farxod o‘g‘li Ozodzoda prezident Administratsiyasi rahbarining tadbirkorlik loyihalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi va shu munosabat bilan Administratsiya iqtisodiyot va tadbirkorlik sohasida muhim tashabbuslarni ishlab chiqish boshqarmasi boshlig‘i lavozimidan ozod etildi;
- Dilnoza Muradovna Ziyamuhamedova prezident Administratsiyasi rahbari kotibiyati mudiri lavozimiga tayinlanib, prezident yordamchisi kotibiyati mudiri lavozimidan ozod etildi.
Avvalroq prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi tugatilishi haqida xabar berilgandi. Endilikda ijro intizomiga Hisob palatasi mas’ul bo‘lib, uning vakolatlari kengaytiriladi. Xalq nazorati portali butun mamlakat bo‘ylab kengaytiriladi.