O‘zbekiston mahallalaridagi barcha yo‘llarni 2030-yilgacha asfaltlash rejalashtirilgan. Bu haqda 11-iyul kuni Hukumat soati’da transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi.
O‘zbekiston XDP fraksiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Anvarxon Temirov vazirdan mahalla va aholi punktlaridagi yo‘llar holati haqida savol bilan yuzlanib, kuz-qish mavsumida yo‘llarning qoniqarsiz holatidan fuqarolarning shikoyatlari ko‘payishini qayd etdi.
Shuningdek, deputat ichki yo‘llarni mahalliy hokimliklar balansiga o‘tkazish bilan bog‘liq xavotirlarini bildirdi. Anvarxon Temirov yo‘l infratuzilmasini saqlash uchun yetarli mablag‘lari bor-yo‘qligi bilan qiziqib, boshqa jamg‘armalar mablag‘larini hisobga olmaganda, har bir tumanga 4 mlrd so‘mdan ajratilayotganini ta’kidladi.
Transport vaziri bu borada aniq dastur borligiga ishontirdi. Mahkamovga ko‘ra, 4 mlrd so‘mdan tashqari, mahalliy hokimliklar uchun yo‘llarni ta’mirlashga budjetdan mablag‘ ajratishning alohida parametrlari belgilanadi.
“2030-yilgacha asfaltlanmagan ichki yo‘llar qolmaydi. Bizda aniq dastur”, — dedi Ilhom Mahkamov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda tuproq yo‘llarning 70%i shag‘al yoki asfalt bilan qoplangan. Qolgan 30% tuproq yo‘llar kelgusi ikki yilda shag‘al bilan qoplanadi. “2030-yilgacha yurib bo‘lmaydigan aholi punkti qolmaydi”, — dedi vazir Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda qo‘yilgan vazifaning ulkanligini ta’kidlab.
Avvalroq Spot Toshkentda sun’iy intellektga ega kameralar haydovchilarning piyodalarni o‘tkazmasligini qayd eta boshlagani haqida yozgandi.