Iyun oyi o‘rtalarida EastFruit O‘zbekistonda mahalliy limonning narxi rekord darajada yuqoriligi va bunday narx sakrashining sabablari haqida ma’lumot bergan edi.

O‘sha paytda O‘zbekiston aholisi asosiy iste’mol qiladigan “Meyer” navli limonlar poytaxtdagi supermarketlarda kilogrammi uchun 70 ming so‘m ($5,53) chakana narxda sotilayotgan edi.

Bu narx import qilingan limonlar narxidan deyarli uchdan bir qismga yuqori edi. Keyinchalik ushbu mahsulot narxi yangi rekordlarni o‘rnatishda davom etdi va bir oy ichida “mahalliy limonlar” yana deyarli 40%ga qimmatlashdi.

EastFruit ma’lumotlariga ko‘ra, 10−11-iyul kunlarida poytaxt supermarketlarida mahalliy “Meyer” navli limonning chakana narxlari bir kilogramm uchun 97 ming so‘mga (ya'ni $7,67 ga) yetdi.

Import qilingan limonlarning chakana narxlari ushbu davrda o‘zgarmadi. Misol uchun, Argentinadan O‘zbekistonga keltirilgan yangi sariq limonning chakana narxlari bir oy avvalgidek kilogrammi 53 ming so‘m ($4,19) darajasida qolmoqda.

Shunday qilib, “mahalliy limon” hozirda import qilingan muqobiliga nisbatan deyarli ikki baravar qimmatroq sotilmoqda. Albatta, bular yetarlicha farqli mahsulotlar ekanligini ta’kidlash lozim.

EastFruit tahlilchilarining fikriga ko‘ra, importning ancha arzon muqobillari mavjudligi fonida “mahalliy limon"ning bunday yuqori narxi o‘zbekistonlik iste’molchilar uchun bir-birining o‘rnini bosa olmaydigan mutlaqo boshqa mahsulotlar ekanligini tasdiqlaydi.

O‘zbekistonda “Meyer” limonining zaxiralari deyarli tugaganini hisobga olsak, ushbu mevalarni iyul oyigacha saqlab qolgan kam sonli omadlilar ularni sotishdan yaxshigina daromad olishlari mumkin.

O‘zbekistonda “mahalliy limon"ning ilk hosili avgust-sentabr oylarida kutilmoqda, biroq bu mahsulot narxini maqbul darajaga tushirish ehtimoli kam. Chunki bu limonning dastlabki erta hosili odatda nisbatan kam bo‘ladi.

EastFruit tahlilchilari xulosa qilishicha, “mahalliy limonlar” oktabr-noyabr oylarida ommaviy yig‘im-terim boshlanguncha “cheklangan kolleksiya” narx segmentida qolishi mumkin.


Avvalroq EastFruit O‘zbekistonda bir hafta ichida qovun narxi uch barobarga arzonlashgani haqida xabar bergandi.

Narxlar pasayishining asosiy sababi O‘zbekistonning Mirzacho‘l tumani va qo‘shni Qozog‘istonda qovun hosilini ommaviy yig‘ib-terishning boshlanishi hisoblanadi.