Shavkat Mirziyoyev tomonidan “Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon imzolandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda.

Hujjat bilan prezident Administratsiyasining yangi tuzilmasi tasdiqlanib, buning natijasida administratsiya va uning tarkibidagi tashkilotlarda 284 ta shtat qisqartirildi, takrorlanuvchi lavozimlar optimallashtirildi.

Prezident Administratsiyasi faoliyatida 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilandi — ta’lim, biznes, sud-huquq tizimi, tibbiyot va suv resurslari masalalari. Bu yo‘nalishlarda islohotlarni samarali amalga oshirish maqsadida prezident Administratsiyasi rahbariga 5 nafar o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

Bundan tashqari, prezidentning strategik rivojlanish, tashqi siyosat bo‘yicha yangi maslahatchi lavozimlari kiritilib, moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish, jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi, tadbirlarni tashkillashtirish, yig‘ilish va hududlarga tashriflar uchun tahliliy kontent tayyorlash bo‘yicha, shuningdek, kommunikatsiya departamentlari tashkil etildi.

Avvalroq prezident Administratsiyasining Nazorat inspeksiyasi tugatilishi haqida xabar berilgandi. Endilikda ijro intizomiga Hisob palatasi mas’ul bo‘lib, uning vakolatlari kengaytiriladi. Xalq nazorati portali butun mamlakat bo‘ylab kengaytiriladi.