Biznes Toshkentdagi yozgi terrasalar demontaj qilinayotgani va ularga tutash hududlardan foydalanish bo‘yicha reglament yo‘qligidan shikoyat qilmoqda. Bu haqda 14-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan umumiy ovqatlanish va savdo sohasi vakillari bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda so‘z bordi.

Maurice kafesi va Jumanji restorani vakilining aytishicha, joriy yilning fevral oyi boshida muassasalardan birining yopiq yozgi terrasasi noqonuniy qurilish deb topilib, buzib tashlangan. Murojaatlarga qaramay, hokimlik ham, Kadastr agentligi ham zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va yozgi ayvonni qonuniylashtirishga yordam bermagan.

ChayKof qahvaxonalar tarmog‘i va Moloko qahvaxonasining boshqaruvchi hamkori Alina Simermanning ta’kidlashicha, umumiy ovqatlanish korxonalari vakillarida yozgi terrasalarni rasmiylashtirish uchun qonuniy asos mavjud emas.

“Hozirgacha birorta nizom ishlab chiqilmagan. Hech kim [tutash hududlarga] javob bermaydi. Hokimlikka murojaat qila olmaymiz. Murojaat qilsak, yer uchun javobgar emasmiz, deyishadi. Kimga murojaat qilish kerak, yer kimga tegishli, kimdan ruxsat olish kerak? Biz hali ham bu reglamentni ololmayapmiz. Juda ko‘pchilik bunga duch kelmoqda”, — deya shikoyat qildi restoran egasi.

Umumiy ovqatlanish vakillarining tushuntirishicha, hokimliklar tadbirkorlarning murojaatlarini Kadastr agentligiga, ular esa hokimliklarga qayta yo‘naltiradi.

Alina Simerman 2020-yilda prezident yozgi terrasalarni tashkil etish uchun biznesga tutash hududlarni qonuniylashtirish imkonini beruvchi reglament ishlab chiqishni buyurganini eslatib o‘tdi.

“Biz soliqlarni, masalan, ajratilgan yondosh hudud uchun yer solig‘ini to‘lashga tayyormiz. Bizga shunday imkoniyatni yaratib bering”, — deya iltimos qildi u.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov yozgi terrasalar taklifi kun tartibiga kiritilishiga ishontirdi. Biroq u noqonuniy qo‘shimcha qurilmalarni qonuniylashtirishga qarshi chiqib, barcha umumiy ovqatlanish muassasalari uchun yagona konsepsiya ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

TESTO hammuassisi Nargiza Ulug‘ova Alina Simermanning tutash hududlarda ishlashga ruxsat beruvchi reglament yo‘qligi haqidagi so‘zlarini qo‘llab-quvvatlab, bu muammo yillar davomida kuzatilib kelinayotganini qayd etdi.

“Bu nafaqat qo‘shimcha qurilmalar va binolarga, balki shiypon, mikroiqlim va ko‘chalarni yoritishga ham taalluqlidir. Nazorat organlari istagan paytida kelib, stollarni yig‘ishtirishga buyurishi mumkin, biz esa savdo yo‘qotishlariga uchraymiz va doimo asabiy holatda bo‘lamiz. Bu bir kunda paydo bo‘lgan muammo emas — bu terror yillar davomida kuzatilib kelinmoqda va u tugamaydi”, — deya shikoyat qildi tadbirkor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, TESTO ba’zan investitsiya qilish uchun bo‘sh mablag‘lar mavjudligi bilan qiziqmasdan va ruxsat beruvchi hujjatlarni bermasdan poydevorli yengil konstruksiyalarni qurishga majburlangan. Nargiza Ulug‘ova bunga Taras Shevchenko ko‘chasidagi gastronomik ko‘chani misol keltirdi, u yerda ham umumiy ovqatlanish muassasalarida yozgi terrasalarni o‘rnatishga ruxsat yo‘q.

Avvalroq Spot umumiy ovqatlanish korxonalari elektr ta’minotidagi uzilishlar uchun kompensatsiyalar va elektr tarmoqlari uchun jarimalar joriy etishni taklif qilayotgani haqida yozgandi.