11-iyul kuni prezidentning “Soliqqa oid nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan Savdo-sanoat palatasi huzurida soliq, iqtisodiyot, moliya va huquq masalalari bo‘yicha ekspertlardan iborat Soliqqa oid nizolar bo‘yicha ekspert kengashi tashkil etildi.
Kengash doimiy faoliyat yurituvchi kollegial organ sifatida ish yuritadi hamda uning majlislari bir oyda kamida ikki marta o‘tkaziladi. Savdo-sanoat palatasi esa kengash faoliyatini tashkil etish bo‘yicha ishchi organ hisoblanadi.
Ekspert kengashi tadbirkorlar va soliq organlari o‘rtasida yuzaga kelgan soliqqa oid nizolarni ko‘rib chiqish va ular yuzasidan xulosalar berish bilan shug‘ullanadi.
Shu bilan birga, soliq qonunchiligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va ularning qo‘llanishini o‘rganish, huquqni qo‘llash amaliyoti sifatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda soliqqa oid nizolarni ko‘rib chiqishda biznes hamjamiyati, davlat organlari va tashkilotlari va ilmiy tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik o‘rnatish kengash vazifalaridan hisoblanadi.
Ekspert kengashiga soliq organlarining qarorlaridan norozi bo‘lgan tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish vakolati berildi. Bundan jinoyat ishi doirasida yoki sud tartibida ko‘rib chiqilayotgan soliqqa oid nizolar mustasno.
Shuningdek, murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasi yuzasidan xulosa qabul qilish, qabul qilingan xulosalarni majburiy tartibda ko‘rib chiqish uchun soliq, bojxona va tegishli davlat organlariga yuborish hamda bu haqda tadbirkorlarni xabardor qilish kengash vakolatiga kiradi.
Bundan tashqari, kengashga soliq, bojxona, iqtisodiyot, moliya va huquq sohasida yetarli bilim, malaka va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassis va ekspertlarni jalb qilish huquqi beriladi.
U zarur hujjatlar va axborotlarni davlat organlari hamda boshqa tashkilotlardan (qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlangan holatlardan tashqari) bepul so‘rab olishi mumkin.
Soliq qo‘mitasi soliqqa oid nizolarni sudgacha ko‘rib chiqish jarayoni raqamlashtirilishi, sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilishi hamda idoralararo elektron ma’lumot almashinuvi yaxshilanishini ta’minlaydi.
Shuningdek, soliqqa oid nizolar ko‘rib chiqiladigan majlislarda masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlari yaratilib, nizolarni sudgacha ko‘rib chiqishda soliq to‘lovchining (vakilining) ishtirok etishiga shart-sharoit yaratilishini, jumladan, alohida maxsus xonalar tashkil etilishiga mas’ul hisoblanadi.
Qaror bilan ekspertlar kengashining dastlabki tarkibi tasdiqlandi:
- Davron Vahobov — Savdo-sanoat palatasi rahbari;
- Ahadbek Haydarov — iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari;
- Jamshid Urunov — Biznes-ombudsman o‘rinbosari;
- Olimjon Fayzibayev — Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari;
- Baxtiyor Ibatov — Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i;
- Uzakbergen Jaksimuratov — Adliya vazirligi Huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish boshqarmasi boshlig‘i;
- Farhod Olimjonov — Bojxona qo‘mitasi Strategik rejalashtirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish boshqarmasi boshlig‘i;
- Diana Bayzakova — Toshkent xalqaro arbitraj markazi rahbari;
- Bahodir Nabijonov — Soliq maslahatchilari palatasining boshqaruvi raisi;
- Svetlana Golosova — Tri-S-Audit kompaniyasi rahbari;
- Abdihafiz Tangriqulov — Exact Advicer kompaniyasi rahbari.
- Sarvarbek Niyazov — Savdo-sanoat palatasi boshqarma boshlig‘i.
Avvalroq Spot Soliq qo‘mitasi Soliq kodeksining 227−1-moddasi bo‘yicha Lactalis’ning 5,4 mlrd so‘mlik jarimasini bekor qilgani haqida yozgandi.