20-iyuldan shaxsiy maqsadda tovarlarni bojsiz olib kirish uchun xorijda belgilangan muddatlar bo‘lish tartibi kuchga kiradi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar bermoqda.
Hukumatning aprel oyidagi qarori bilan, joriy yilning 1-mayidan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarida mamlakatga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari belgilangandi.
Bojsiz olib kirish normalari quyidagicha:
- havo transportida — $1000 (ilgari — $2000);
- temir yo‘l va daryo transportida — $500 ($1000);
- xalqaro kuryerlik jo‘natmalarida — oyiga $200 gacha (oldin — har chorak uchun $1000).
Avtomobil va piyoda o‘tish punktlari ($300), xalqaro pochta jo‘natmalari orqali olib kelinadigan tovarlar uchun ($100) normalar o‘zgarishsiz qoldirildi.
Shuningdek, 20-iyuldan boshlab notijorat maqsadlarida tovarlarni olib kirish uchun xorijda bo‘lish tartibi quyidagicha belgilanadi:
- temir yo‘l va daryo transportida hamda avtomobil o‘tkazish punktlari orqali kirishda — 2 kalendar kun;
- havo transportida — 3 kalendar kundan kam bo‘lmasligi kerak.
Mazkur muddatlarda olib kirilgan tovarlarga bojsiz olib kirish normalari qo‘llanilmaydi. Bunda ularga bojsiz olib kirish normasidan ortiq deb qaralib, tovarning to‘liq qiymatidan yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlarning bojxona qiymati esa cheklar, kvitansiyalar yoki boshqa tijorat hujjatlari asosida aniqlanadi. Agar tasdiqlovchi hujjat va ma’lumotlar taqdim etilmasa, qiymat axborot dasturlari orqali ilgari olib kirilgan shu turdagi tovarlar ma’lumotlari asosida aniqlanadi.
Xorijda bo‘lish muddati qanday aniqlanadi?
Bugungi kunda fuqarolarning asosiy qismi — 76%i chegaradan avtomobilda, 20%i havo hamda 4%i temir yo‘l orqali harakatlanadi. Mazkur tartib chegaradan avtomobilda o‘tayotgan “tashmachi"lardan tashqari boshqa yo‘lovchilarga sezilarli ta’siri bo‘lmaydi.
Bojxona organlari 50 ga yaqin aviakompaniyalar bilan o‘zaro axborot almashinuvini yo‘lga qo‘ygan. Xalqaro aeroportlarda yo‘lovchilar, ularning bagajlari va xorijda bo‘lgan muddatlari to‘g‘risida ma’lumotlar ular mamlakatga yetib kelmasidan oldin mavjud bo‘ladi. Bu xalqaro aeroportlar orqali harakatlanuvchilarni tig‘iz vaqtlarda ham tezkor bojxona nazoratidan o‘tkazishni ta’minlaydi.
Boj qanday hisoblanadi?
Tovarlarning bojsiz olib kirish normasidan ortiq bo‘lgan qismiga soddalashtirilgan tartibda import boji, qo‘shilgan qiymat va aksiz soliqlari o‘rniga bojxona qiymatidan 30%, lekin har bir kg uchun $3 dan kam bo‘lmagan miqdorda yagona bojxona to‘lovi undiriladi.
Agar yo‘lovchi normadan ortiq olib kelingan tovar uchun to‘lovni amalga oshira olmasa, ularni chegara postlarida vaqtincha saqlovga olish joylarida qoldirishiga to‘g‘ri keladi. Ular 30 kun ichida to‘lov qilib, tovarni olib kirishlari yoki qaytarib olib chiqib ketishlari mumkin.
Bundan tashqari, fuqaro havo yo‘llari orqali $1500 qiymatidagi tovarni olib kelmoqchi bo‘lsa, uning faqat $1000 lik normadan oshgan qismiga — $500 uchun boj undiriladi.
Bojxona qo‘mitasi fuqarolardan joriy etilayotgan yangi qoidalarga amal qilishni so‘ramoqda.
Bojsiz normalarning pasaytirilishi
Bojxona qo‘mitasi bojsiz normalar miqdorini xorijiy davlatlar bilan taqqoslab, bu O‘zbekistonda yuqori belgilanganini ko‘rsatishini qayd etgandi. Hukumat qarori jahon iqtisodiyotidagi keskin o‘zgarishlar, tashqi xatarlar va global raqobat sharoitida milliy ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarni samarali qo‘llab-quvvatlash, ichki bozorda adolatli raqobat muhitini ta’minlash hamda tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan.
Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati rahbari Husan Tangriyevning ta’kidlashicha, havo yo‘llari orqali tijorat tovarlarini shaxsiy ehtiyoj niqobi ostida olib kirayotgan yo‘lovchilar soni Toshkent xalqaro aeroportida 500 nafarni tashkil etsa, bu ko‘rsatkich mamlakat bo‘ylab 10 ming nafardan oshadi.
“Ayrim fuqarolar 90 kun davomida 90 marta, ya’ni har kuni chet elga uchish bilan shug‘ullanib, tovarlarni bojlarsiz olib kirishni kasbga aylantirishgan, albatta bu holatni tabiiy deb bo‘lmaydi va belgilangan imkoniyatlarni suiste’mol qilishdan boshqasi emas”, — deydi u.
Spot iqtisodchilar hamda biznes vakillarining yangi talablar bo‘yicha bildirgan fikrlarini o‘rganib chiqdi hamda ularni bir joyga jamladi. Jamoatchilik bu o‘zgarishlar aholi xarid imkoniyatini cheklashi, narxlarning oshishiga olib kelishi va ortiqcha moliyaviy bosimni yuzaga keltirishini ta’kidlamoqdalar.
Avvalroq O‘zbekistonda ayrim tovarlar uchun ikki baravar import bojini qo‘llash bekor qilinishi xabar berilgandi. Senat mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi doirasida bu bo‘yicha tegishli qonunni ma’qulladi.