Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi prezidenti Emin Agalarov ZBS Podcast’ga bergan intervyusida Chorvoq suv omboridagi Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurorti loyihasi haqida so‘zlab berdi.

Tadbirkor Sea Breeze’dagi o‘rtacha ko‘chmas mulk xaridorining portretini keltirdi — bu ikki farzandi bor va oyiga $1000 dan ortiq daromadga ega 30−45 yoshli oila.

“Daromadi $1000 dan kam bo‘lganlar ham bu yerga kelishi va dam olishi mumkin bo‘ladi. Umumiy infratuzilmamiz va plyajimiz doirasida biz, albatta, xizmatlarga qarab plyajlarning bir nechta turlarini tashkil etamiz: bepul, pullik, o‘rtacha narxdagi va budjet segmenti uchun”, — dedi u.

Shu bilan birga, Sea Breeze hududining bir qismi barchaga ochiq va bepul bo‘ladi, chunki bu yerga tashrif buyuruvchilar ham turist hisoblanadi hamda ular bepul infratuzilmadan foydalanadi va fudkortlar, kafe va restoranlarni to‘ldirishga yordam beradi.

Ozarbayjonlik tadbirkorning ta’kidlashicha, hozirda Agalarov Development O‘zbekiston banklari bilan moliyaviy mahsulotlarni yaratish bo‘yicha “yaqin hamkorlikda ishlamoqda”. Bu 10−15% miqdorida boshlang‘ich to‘lov bilan 20 yil muddatga mo‘ljallangan ipoteka kreditini o‘z ichiga oladi.

Agalarovning so‘zlariga ko‘ra, Sea Breeze’dagi kvartiralar narxi hajmi, ko‘rinishi va boshqa xususiyatlariga qarab $50 mingdan boshlanadi. “Bu hamma uchun hamyonbop uy-joy”, — dedi u.

Shuningdek, tadbirkor umummavsumiy kurort loyihasi mahalliy aholi uchun ish o‘rinlarini yaratishini ham qayd etdi. Emin Agalarovning aytishicha, u imkon qadar mahalliy aholini jalb qilmoqchi, chunki bu xorijlik mutaxassislarni olib kelishdan ko‘ra foydaliroq.

Iyun oyida Emin Agalarov Sea Breeze Uzbekistan loyihasi qurilishi bilan bog‘liq ekologik xatarlarga izoh berib, Chorvoqning hozirgi holati saqlanib qolinishini qayd etgandi. “Ekologiya bizning ustuvor vazifamizdir. Hamma joyda tozalash inshootlari bo‘lishi, suvga ortiqcha hech narsa tashlanmasligi kerak. O‘zbekiston aholisi va sayyohlar foydalana oladigan turistik hudud yaratamiz”, — degandi u.

Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Sea Breeze dam olish majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Emin Agalarov prezidentga Chorvoq suv omboridagi Sea Breeze Uzbekistan kurort zonasi master-rejasining yangilangan konsepsiyasini taqdim etdi.

Avvalroq Emin Agalarov Sea Breeze loyihasi jamoatchilik bilan muhokama qilinishini ma’lum qilgani haqida xabar berilgandi. Tadbirkorning ta’kidlashicha, dam olish maskanining qurilishi hudud infratuzilmasi va Chorvoqdagi suv sifatini yaxshilashga yordam beradi.