14-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan umumiy ovqatlanish va savdo sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ish haqi kechiktirilgani uchun xodimlarga to‘lanadigan kompensatsiya formulasini qayta ko‘rib chiqish masalasi ko‘tarildi.

TESTO hammuassisi Nargiza Ulug‘ova Mehnat kodeksining 333-moddasini tanqid qildi. Bu modda ish beruvchilarga xodimlarning ish haqini kechiktirganlik uchun pulli kompensatsiya to‘lash majburiyatini yuklaydi. Uning miqdori Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasining 10%ini tashkil etadi. 24-martdan boshlab bu stavka yillik 14% miqdorida belgilangan. Shunday qilib, kompensatsiya miqdori kuniga 1,4% ga teng bo‘ladi.

“Bu juda xavfli modda. Mehnat kodeksidagi yillik 14% lik qayta moliyalash stavkasini asos qilib olgan, lekin har kuni qo‘llaniladigan ta’rifning o‘zi meni juda g‘azablantiradi. Agar men fors-major holatlari — „svet“ o‘chishi, yo‘l ishlari, ko‘cha yopilishi tufayli maoshni bir oyga kechiktirsam, kechiktirilgan oy uchun 42% miqdorida kompensatsiya to‘lashimga to‘g‘ri keladi”, — dedi u.

Restorator 14% lik qayta moliyalashtirish stavkasini dam olish kunlarini chiqarib tashlagan holda 365 kunga bo‘lish orqali Mehnat kodeksining 333-moddasini takomillashtirish taklifini berdi. “Oqibatda xodimlarni rasmiy ravishda ishga oladigan, „oq“ ish haqi beradigan va soliqlarni to‘liq to‘laydigan biznes zarar ko‘radi. Bu ham yirik, ham kichik korxonalarga tegishli”, — deya ta’kidladi Nargiza Ulug‘ova.

Jizzax viloyatidagi ohak ishlab chiqaruvchi Karbonat kompaniyasi rahbari Farrux Sodiqxo‘jayevning aytishicha, kompaniya bir necha oy davomida tabiiy gaz uchun oldindan to‘lovni amalga oshirgan. Biroq, 2023-yilning dekabr oyida eksportchi korxona gazdan uzib qo‘yilgan, bu esa ish haqini to‘lashda kechikishlarga sabab bo‘ldi.

“Natijada kassa uzilishi yuzaga keldi, chunki biz to‘lagan amaldagi kreditlarimiz va bir hafta ichida taqdim etilgan kompensatsiyalarimiz bor edi. Bizning ish haqi fondimiz 800 mln so‘m bo‘lsa, kompensatsiya miqdori 8 mlrd so‘mga yetdi. 170 nafar ishchi ustimizdan jamoaviy da’vo qo‘zg‘atdi. Korxona to‘xtab qoldi va biz kreditlarni o‘z vaqtida to‘lay olmadik”, — deydi tadbirkor.

Uning ta’kidlashicha, korxona bir oydan keyin xodimlarga ish haqini to‘lagan, shunga qaramay, ular jamoaviy da’vo arizasini yozgan. Uning aytishicha, “hozirda ayrim xodimlar ishlashni xohlamayapti, chunki kompensatsiya miqdori 50 mln so‘mni tashkil etadi, ish haqi esa 5 mln so‘m — bu yillik 511% deganidir”. Bundan tashqari, Orient Finans bank Karbonat kompaniyasining 10 mlrd so‘mlik krediti tufayli uni bankrot deb topish uchun ariza bergan.

Farrux Sodiqxo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, Jizzax viloyatidagi to‘rtta to‘qimachilik korxonasi ham kompensatsiya bilan bog‘liq vaziyatga duch kelgan. Rasmiy murojaatlar, jumladan, prezident Administratsiyasiga qilingan murojaatlarga qaramay, hali ham ijobiy natijaga erishilmadi, deya shikoyat qildi u.

“Qonun bo‘yicha kompensatsiya stavkasi qanday qo‘llanilishi kerakligi borasida X.Sulaymonova nomidagi respublika sud ekspertiza markazi, shuningdek, milliy va xalqaro auditorlar palatasining xulosasini olganmiz. Hamma uni bir kunga emas, bir yilga bo‘linishi kerak, deb hisoblaydi. Biroq Bandlik vazirligining pozitsiyasi vazir o‘rinbosari Ra’no Turdiboyevaning Oliy sudga yo‘llagan xatiga asoslangan. Ularda boshqa hech qanday asos yo‘q. Qonunda „qayta moliyalash stavkasining 10%i“ deyilgan. Bizning mehnat kodeksimiz Rossiyagidan ko‘chirilgan, ularda ham bu tartib xuddi shunday qo‘llaniladi. Biz 20 mln so‘m to‘lashimiz kerak bo‘lgan joyda hozir 8 mlrd so‘m to‘lashga to‘g‘ri kelyapmiz, lekin korxona bunga qodir bo‘lmagani uchun to‘lamayapmiz”, — deya xulosa qildi Farrux Sodiqxo‘jayev.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga tadbirkorlar bilan uchrashib, Mehnat kodeksidagi muammolarni muhokama qilishni bir necha bor taklif qilganini aytdi. “Bandlik vazirligida yo‘q, bu xodim, deya ta’kidlanmoqda. Tushunaman, bu xodim, lekin ish beruvchi uni ish bilan ta’minlamasa, unda xodimning nima keragi bor”, — deya yuzlandi SSP rahbari.

Tadbirkorning tushuntirishicha, korxona xodimlarni ishdan bo‘shatishni istamagan. Uch oy davomida zavod gaz ta’minoti yo‘qligi sababli to‘xtab qolgan va xodimlar ishlamagan, ammo baribir ish haqini kechiktirgani uchun kompensatsiya undirish bo‘yicha jamoaviy da’vo arizasi kiritilgan.

“Sizga zavodni shunchaki qoldirib, sovg‘a qilish foydali: o‘zingiz boring, boshqaring, kredit va boshqa [qarz] majburiyatlarini oling”, — deya izoh berdi Davron Vahobov.

Savdo va servis uyushmasi raisi Zafar Hoshimov Mehnat kodeksining 333-moddasi “noadekvat” ekanligini ta’kidlab, xodim va ish beruvchi manfaatlari o‘rtasidagi nomutanosiblikni qayd etdi. U Mehnat kodeksini qabul qilayotgan qonun chiqaruvchilar bilan faolroq ishlashga chaqirdi.

2024-yil dekabr oyida Spot Mehnat kodeksining 333-moddasidagi noaniqlik tufayli bankrotlik yoqasiga kelib qolgan korxona rahbarining xatini e’lon qilgandi. Shuningdek, tahririyat yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruh a’zosi Aleksey Niyazmetov bilan moddaning turlicha talqin qilinishi nima uchun yuzaga kelayotgani va bu bilan nima qilish kerakligi haqida suhbatlashdi.

Avvalroq Spot umumiy ovqatlanish korxonasi elektr ta’minotidagi uzilishlar uchun kompensatsiyalar va elektr tarmoqlari uchun jarimalar joriy etishni taklif qilayotgani haqida yozgandi.