Raqobat qo‘mitasi tomonidan mobil aloqa operatorlari xizmatlarida iste’molchilar huquqlari va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan tahlil va nazorat ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, tadbirlar davomida shartnoma hamda tarif rejalar shartlariga kamsituvchi holatlarni kiritmaslik va abonentlarning xabardorligini oshirish holatlari o‘rganildi.
Natijada Mobiuz (UMS) mobil operatori tomonidan joriy qilingan “Mazza!” tarif rejasiga o‘tish faqat mobil ilova orqali amalga oshirilishi belgilanganligi aniqlandi. Bu esa iste’molchilar tanlov huquqini cheklash hamda ilovaga majburiy tarzda yo‘naltirish holatiga olib kelgan.
Qo‘mita ko‘rsatmasiga asosan, mazkur tarifga o‘tish imkoniyati ilova bilan bir qatorda, kompaniya ofislarida ham yaratilib, iste’molchilar bu haqda xabardor qilindi.
Shuningdek, mobil operatorning ko‘plab tariflarida oylik abonent to‘lovi uchun mablag‘ yetishmasa, avtomatik ravishda kunlik abonent to‘loviga o‘tish tartibi joriy etilgan. Biroq, bu xizmatni mustaqil boshqarish (o‘chirish yoki faollashtirish) imkoniyati mavjud bo‘lishiga qaramay, ko‘plab abonentlar bu haqda xabardor emasligi borasida qo‘mitaga murojaatlar kelib tushgan.
Raqobat qo‘mitasi ko‘rsatmasi bilan kompaniya tomonidan “kundalik abonent to‘lovi rejimiga o‘tish” xizmatini boshqarish imkoniyati haqida rasmiy saytda e’lon joylashtirildi hamda bunday xizmatga ulangan abonentlarga SMS-xabarnoma yuborilib, xizmatni boshqarish usullari tushuntirildi.
“Qo‘mita Mobiuz tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan berilgan ko‘rsatmani o‘z vaqtida bajarilganligini olqishlaydi va boshqa mobil aloqa operatorlarini ham shundan kelib chiqib, o‘z xizmat ko‘rsatish qoidalarini muvofiqlashtirib borishga chaqiradi”, — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, qo‘mita Beeline bilan oylik va kunlik abonent to‘lovi shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlar davom etayotganini ma’lum qildi. Nazorat qiluvchi organ iyun oyida operatorga tegishli ko‘rsatma bergan. O‘shanda kompaniya qo‘mitaga “zarur tushuntirishlar” berganini ma’lum qilib, boshqa izoh berishdan bosh tortgandi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi eksklyuziv huquqqa ega 29 ta kompaniyani ustun mavqega ega deb topgani haqida xabar berilgandi.