Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Ipoteka obligatsiyalarini chiqarish sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini joriy etish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjat 14-iyul kuni Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan. Uning asosiy maqsadi maxsus huquqiy rejim ishtirokchilarini ro‘yxatga olish va kuzatib borish tartibini belgilashdan iborat.
Nizom quyidagilarni tartibga soladi:
- ariza beruvchilarga qo‘yiladigan talablarni;
- arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish tartib-taomillari;
- ishtirokchilar reyestrini yuritish;
- ishtirokchilar faoliyatini monitoring va nazorat qilish jarayonlarini;
- hisobotlarni va ularni qumdondan chiqarib yuborish mexanizmi.
ILMA hujjat ipoteka obligatsiyalarini chiqarish bo‘yicha tajriba loyihalarini sinovdan o‘tkazishni boshlash uchun huquqiy asos yaratishga qaratilgan ilk qabul qilingan hujjatdir.
Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan ILMA va boshqa manfaatdor tashkilotlarga ipoteka krediti sohasida yangi moliyaviy vositalarni yaratishni nazarda tutuvchi “Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish topshirilgandi. Hujjatni 1-iyulgacha hukumatga kiritish ko‘zda tutilgandi.
Mazkur hujjat mablag‘larni jalb qilishda ipoteka kreditiga asoslangan yangi moliyaviy vositalarni joriy etishni, jumladan, ipoteka garovi bilan ta’minlanadigan qimmatli qog‘ozlarni muomalaga chiqarish tartibi belgilab beradi.
Avvalroq yarim yilda O‘zbekistonda ipoteka krediti ajratish hajmi 37%ga o‘sgani haqida xabar berilgandi. Qarz oluvchilar soni 20%ga oshib, 31,5 ming kishiga yetdi. Uchta ipoteka kreditidan ikkitasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan.