Rossiya Davlat dumasi chet elga yuborilayotgan migrantlar pul o‘tkazmalarining miqdorini cheklash tashabbusini ilgari surdi. Bu haqda TACC nashri xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Yangi odamlar fraksiyasi a’zolari Aleksey Nechayev, Sardana Avksenteva va Vladimir Plyakin Markaziy bank raisi Elvira Nabiullinaga ushbu g‘oya bilan murojaat qilishdi.
Tashabbus mualliflarining ta’kidlashicha, bugungi kunda o‘tkazmalar miqdori Rossiyada ishlayotgan chet el fuqarolarining rasmiy daromadlariga mos kelishini nazorat qilishning haqiqiy mexanizmlari mavjud emas.
Ularning fikricha, bu noqonuniy daromadlarni yashirish, soliqlardan qochish va pullarni mamlakatdan olib chiqib ketish imkonini beradi.
Parlament a’zolarining fikricha, moliyaviy operatsiyalarning shaffofligini oshirish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish uchun tasdiqlangan ish haqidan ortiq pul o‘tkazmalarini taqiqlash kerak.
Shuningdek, migrantlar xorijga katta miqdordagi mablag‘larni jo‘natayotganda daromad deklaratsiyasini taqdim etish majburiyatini yuklashni, banklar orqali bunday operatsiyalar ustidan nazoratni kuchaytirishni taklif qilishdi.
Avvalroq Rossiyada migrantlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish kuchaytirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Endi ulardan tibbiy sug‘urtadan tashqari giyohvand moddalar, OIV, gepatit B va C, sil hamda sifiliz yo‘qligini tasdiqlovchi hujjatlarni ham taqdim etish talab qilinadi.