Ijtimoiy tarmoqlarda Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurorti loyihasi doirasida qurilish ishlari boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Spot Agalarov Development kompaniyasidan vaziyatga izoh berishni so‘radi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Sea Breeze Uzbekistan loyihasi doirasida qurilish ishlari hali boshlanmagan. Hozirda loyiha ekspertlar muhokamasi va ruxsat beruvchi hujjatlarni yig‘ish bosqichida.

Agalarov Development ekologik ekspertiza va boshqa zarur tadbirlar yakunlanmaguncha har qanday qurilish ishlarini amalga oshirmasligini ta’kidlab, amaldagi qonunchilikka qat’iy rioya qilishini bildirdi.

Bu bosqichda kompaniya hududni obodonlashtirish va chiqindilardan tozalash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Iyun oyida Emin Agalarov Sea Breeze Uzbekistan loyihasi qurilishi bilan bog‘liq ekologik xatarlarga izoh berib, Chorvoqning hozirgi holati saqlanib qolinishini qayd etgandi. “Ekologiya bizning ustuvor vazifamizdir. Hamma joyda tozalash inshootlari bo‘lishi, suvga ortiqcha hech narsa tashlanmasligi kerak. O‘zbekiston aholisi va sayyohlar foydalana oladigan turistik hudud yaratamiz”, — degandi u.

Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifi doirasida Sea Breeze dam olish majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Emin Agalarov prezidentga Chorvoq suv omboridagi Sea Breeze Uzbekistan kurort zonasi master-rejasining yangilangan konsepsiyasini taqdim etdi.

Agalarov yaqinda bergan intervyusida Sea Breeze Uzbekistan loyihasi atrofida shaffoflik yetarli emasligi haqidagi savolga bugungi kunda tasdiqlangan va kelishilgan loyiha yo‘qligini aytdi.

Tadbirkor Sea Breeze’dagi o‘rtacha ko‘chmas mulk xaridorining portretini keltirdi — bu ikki farzandi bor va oyiga $1000 dan ortiq daromadga ega 30−45 yoshli oila. Agalarovning so‘zlariga ko‘ra, Sea Breeze’dagi kvartiralar narxi hajmi, ko‘rinishi va boshqa xususiyatlariga qarab $50 mingdan boshlanadi.