Bojxona qo‘mitasi ijtimoiy tarmoqlarda mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish narxlari oshib ketgani haqidagi xabarlar yuzasidan izoh berdi.

Qo‘mita matbuot kotibi Husan Tangriyevning aytishicha, hozirda telefonlarni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov miqdori o‘zgarmagan va u BHMning 20%ini, ya’ni 75 ming so‘mni tashkil etadi.

Unga ko‘ra, “ilgari $30−40 edi, hozir esa $100−400 bo‘lib ketdi” degan gaplar, asosan, telefonlarni noqonuniy olib kirib sotayotgan shaxslar bilan bog‘liq. Ular bu orqali xaridorlarga UzIMEI tizimini aybdor qilib ko‘rsatishga harakat qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Qo‘mitaga ko‘ra, agar telefon qonuniy yo‘l bilan O‘zbekistonga olib kelingan bo‘lsa, u holda SIM-karta soni yoki eSIM tizimi borligidan qat’i nazar, uning IMEI-kodlari import qiluvchi tomonidan tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.

Joriy yilda mamlakatga qiymati $188 mlndan ziyod bo‘lgan 1,81 mln dona mobil telefon rasmiy tartibda olib kirilgan. Shu bilan birga, bojxona organlari tomonidan umumiy qiymati 16,4 mlrd so‘mlik 44 mingdan ortiq telefonlarni noqonuniy olib kirishga urinishlar aniqlangan.

Agar telefon noqonuniy yo‘l bilan olib kelingan yoki deklaratsiyada ko‘rsatilmagan bo‘lsa, uni IMEI ro‘yxatiga kiritishda telefonning bojxona qiymatidan 30% miqdorida yagona bojxona to‘lovi undiriladi.

“Masalan, norasmiy manbadan olingan telefonning qiymati $1000 bo‘lsa, $300 miqdorida yagona bojxona to‘lovi to‘langandan keyingina qurilma tizimda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Aynan ushbu bojxona to‘lovlari IMEI-kodlarini ro‘yxatga olishdagi to‘lov sifatida noto‘g‘ri talqin qilishmoqda”, — dedi Husan Tangriyev.

Fuqarolarga xorijdan telefon olib kelishda uni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatish, undagi barcha IMEI-kodlarini to‘g‘ri kiritish tavsiya etildi. Bojxona qo‘mitasi telefonlarni rasmiy do‘konlardan xarid qilishga chaqirmoqda. Chunki noqonuniy olib kirilgan va bojxonada ro‘yxatdan o‘tkazilmagan telefonlar nosoz holatga kelganda, ularni rasmiy servis markazlarida ta’mirlash imkoniyati cheklanadi.

Shuningdek, Bojxona qo‘mitasi ikki yoki undan ortiq telefonni bojxona kirim orderi asosida va bojxona to‘lovlarini to‘lash orqali olib kirish mumkinligini eslatdi.

Iyul oyi boshida Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobul Tursunov UzIMEIda ro‘yxatdan o‘tkazishdagi muammolar yuzasidan raqamli texnologiyalar vaziriga so‘rov yubordi. U telefonlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish imkonining cheklanishi tufayli xizmat haqi sun’iy oshirilayotganini qayd etdi.

Ikkinchi SIM-karta uchun IMEI2-kodini alohida ro‘yxatdan o‘tkazish talabi esa fuqarolarga qo‘shimcha murakkablik va xarajatlarni keltirib chiqarmoqda. Senator Sherzod Shermatovdan texnik muammolarni bartaraf etish, ikkita SIM-kartali telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish hamda byurokratik talablarni yumshatish ishlari bo‘yicha ma’lumot berishni so‘radi.

Avvalroq joriy yilda bojxonada musodara qilingan valyuta miqdori 3 barobar, zargarlik buyumlari esa 2 barobar ko‘paygani haqida xabar berilgandi.