iPhone 17 Pro va iPhone 17 Pro Max titan bo‘lmaydi. Bu haqda hi-tech mail nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, Apple premium materialdan voz kechib, arzonroq — alyuminiy yoki zanglamaydigan po‘latdan foydalanadi.

Mish-mishlarni obro‘li insayderlar, jumladan, Min-Chi Kuo va GF Securities kompaniyasi tahlilchisi Jeff Pu ham tasdiqladi.

Apple iPhone 15 Pro modelidan boshlab titan qotishmasidan foydalanmoqda. Bu material mustahkamroq, biroq alyuminiyga nisbatan biroz og‘irroq va qimmatroq hisoblanadi.

Mutaxassislarning taxminiga ko‘ra, keyingi iPhone 17 Pro va 17 Pro Max modellari yana alyuminiy yoki po‘latdan tayyorlanishi mumkin.

Ta’kidlanishicha, iPhone 17 Air, ya’ni iPhone 17 ning yupqa varianti, titandan tayyorlanadi. 17-seriyaning faqat shu modeli bunday korpusga ega bo‘ladi. Oddiy iPhone 17 esa avvalgidek alyuminiydan ishlab chiqariladi.


Avvalroq Spot yangi iPhone rekord sig‘imli batareyaga ega bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.

Kuzda chiqishi rejalashtirilgan iPhone 17 Pro Max rekord darajadagi 5000 mA/soatlik batareya bilan taqdim etilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Apple 2027-yilda iPhone’ning ramkasiz dizayniga o‘tishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Yangi dizayndagi iPhone modellarida Dynamic Island o‘lchami kichrayadi, Apple esa uni turkumning 20 yilligiga taqdim etadi.