O‘zbekistonda biznes import tibbiy buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish narxini pasaytirishni taklif qilmoqda. Bu haqda 15-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan tibbiyot sohasi vakillari bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda so‘z bordi.
HAYAT klinikalar tarmog‘i bosh direktori Nuriddin Nuritdinovning aytishicha, Germaniyadagi ko‘rgazma doirasida kompaniya germaniyalik hamkori bilan tibbiy asbobni import qilish va uni O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tibbiy asboblar, jumladan, pinset va skalpellarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji BHMning 84 baravari (31,5 mln so‘m) ni tashkil etadi, skalpelning har bitta qo‘shimcha modifikatsiyasiga esa yana BHMning 23 baravarini (8,625 mln so‘m) to‘lash talab etiladi.
“Agar skalpelning 10 ta modifikatsiyasi bo‘lsa, uni ro‘yxatdan o‘tkazish taxminan 86 mln so‘mga tushadi. Umuman olganda, bir dona skalpel uchun barcha zarur hujjatlarni rasmiylashtirish taxminan $10 mingga tushishi mumkin. Germaniya kompaniyasi „biz O‘zbekiston bozorini hali istiqbolli deb hisoblamaymiz“ deya „chiroyli“ javob berdi. Chunki ro‘yxatdan o‘tkazish bojini firma to‘laydi. Skalpeldan tashqari yana qaychi, pinset va boshqa asboblar ham bor. Tasavvur qiling, $10 minglik xarajatlarini qoplash uchun bunday skalpellardan qanchasini sotish kerak? Ustiga ustak, guvohnoma ham 5 yilga amal qiladi, keyin esa qayta ro‘yxatdan o‘tish kerak”, — dedi tadbirkor.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabovning mahalliy analoglar mavjudligi haqidagi savoliga Nuritdinov mahalliy tibbiy asboblar yuqori standartlarga javob bermasligini aytdi.
Tibbiy asboblarni ro‘yxatdan o‘tkazish distribyutor yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan to‘lanishi mumkin. Biroq, HAYAT klinikalar tarmog‘i davlat bojini mustaqil ravishda to‘lashni bo‘yniga olmasligini ta’kidladi, chunki tovar sotilmay qolsa xarajatlar qoplanmasligi mumkin.
“Masalan, Qozog‘istonda skalpelni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat boji $400−500 ni tashkil etadi. Shuning uchun nemis kompaniyasining Qozog‘iston bozorida distribyutori mavjud” — dedi Nuriddin Nuritdinov.
Bundan tashqari, Euro Stom Dental Clinic xususiy kompaniyasi rahbari Yusuf Jo‘rayev stomatologiyada ishlatiladigan tibbiy mahsulotlarning 98%i O‘zbekistonda ishlab chiqarilmasligini aytdi. Kompaniya Janubiy Koreyadan $8 lik tish implantlarini import qilmoqchi bo‘lgan. Biroq ro‘yxatdan o‘tish narxi $5 mingga tushadi. Tadbirkor, shuningdek, stomatologik mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojlarini kamaytirishga chaqirdi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda xususiy tibbiyot muassasalariga organ transplantatsiyasini amalga oshirishga ruxsat berilishi mumkinligi haqida yozgandi.