Janubiy Koreyaning Novatech IT-kompaniyasi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish markazini ochish imkoniyatini o‘rganmoqda, deya xabar berdi IT Park matbuot xizmati.
Kompaniya bosh direktori Song Dong-Sok va uning yordamchilari 15-iyul kuni IT Park’ning xizmatlar eksportini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Kagirov bilan uchrashdi. Tomonlar hamkorlik imkoniyatlari va malakali kadrlarni tanlash masalalarini muhokama qildilar.
Novatech O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish markazini ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Yangi ofis AQSh va Koreyaga autsorsing xizmatlarini taqdim etadi
Tashrif doirasida Novatech delegatsiyasi IT Park infratuzilmasi bilan tanishdi, ijaraga olish uchun mavjud ofis binolarini ko‘zdan kechirdi va potensial hamkorlar bilan bir qator muzokaralar olib bordi.
Kagirov kompaniyaga kadrlarni izlash va tanlashda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi, O‘zbekistonda koreys tilini biladigan ko‘plab mutaxassislar mavjudligini alohida ta’kidladi.
IT Parkning ma’lum qilishicha, yaqin kunlarda Novatech kompaniyasi ofis ochish bo‘yicha yakuniy qarorini e’lon qilishi kutilmoqda.
Novatech — Janubiy Koreyaning yirik energetika obyektlari, jumladan, atom stansiyalari infratuzilmasini nazorat qilish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish uchun dasturiy yechimlar yaratishga ixtisoslashgan IT-kompaniya. Hozirda kompaniyada 75 ga yaqin xodim ishlaydi. Novatech Koreya, AQSh va Vetnamda o‘z ofislariga ega bo‘lib, energetika va sanoat sohalarida loyihalarni faol amalga oshirmoqda hamda innovatsion texnologiyalarni rivojlantirmoqda.