Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda Sea Breeze Uzbekistan savdo ofisi ochilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Obyekt Shahrisabz ko‘chasida joylashgan bo‘lib, ilgari bu yerda Inter Nation ingliz tili o‘quv markazi faoliyat yuritgan.
Spot Agalarov Development matbuot xizmatiga murojaat qilib, vaziyatga izoh berishni so‘radi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Shahrisabz ko‘chasida ochilishi rejalashtirilayotgan Agalarov Residence savdo ofisi Sea Breeze brendiga tegishli obyektlarni sotish vakolatiga ega bo‘ladi.
Hozirda Sea Breeze’ning faoliyat doirasi faqat Ozarbayjon bilan cheklangan, ammo yaqin kelajakda u O‘zbekiston kabi boshqa mintaqalarga ham kengayishni ko‘zda tutgan.
“Bu [savdo ofisi] xaridorlar va investorlardan Sea Breeze Baku’dagi turar-joy va tijorat ko‘chmas mulklarini sotib olish uchun arizalarni qabul qiladi. So‘nggi oylarda O‘zbekiston rezidentlari tomonidan bu loyihaga qiziqish ortib borayotganini kuzatmoqdamiz”, — deya ta’kidlanadi kompaniyada.
Chorvoq suv ombori qirg‘og‘ida Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurorti loyihasi doirasida qurilish ishlari hali boshlanmagan. Loyiha ekspertlar muhokamasi va ruxsat beruvchi hujjatlarni yig‘ish bosqichida turibdi.
Agalarov Development ekologik ekspertiza va boshqa zarur tadbirlar yakunlanmaguncha har qanday qurilishni istisno qilib, amaldagi qonunchilikka sodiqligini bildirdi. Hozirda obyekt hududida faqat obodonlashtirish va chiqindilardan tozalash ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Spot Toshkentdagi International mehmonxonasi Rossiyaning Azimut Hotels kompaniyasi boshqaruviga o‘tkazilishi haqida yozgandi.