O‘zbekistonda xususiy tibbiyot klinikalariga tana a’zolari transplantatsiyasi operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqda 15-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan tibbiyot sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda so‘z bordi.
Central Asian Medical University rektori Nurillo Mamasadikov Sog‘liqni saqlash vazirligi nazorati ostida xususiy klinikalarga transplantologiyaga ruxsat berilishini qo‘llab-quvvatladi. U standartlarga javob beradigan mahalliy klinikalarning cheklangan ro‘yxatini tuzish va ularga xorijiy klinikalar bilan hamkorlikda organ transplantatsiyasi operatsiyalarini o‘tkazishga ruxsat berishni taklif qildi, bu esa mahalliy kadrlarni tayyorlashga yordam beradi.
“O‘zimizga o‘zimiz kadr tayyorlamasak, hech kim chetdan kelib, transplantologiya sohasi bo‘yicha kadr tayyorlab bermaydi. Juda ham ko‘p bemorlarimiz boshqa davlatlarga chiqib ketyapti. 10 nafar bemorning faqat yarmida mablag‘ bo‘lishi, qolgan yarmi esa xorijga chiqolmayotgan bo‘lishi mumkin”, — deya ogohlantirdi Mamasadikov.
Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Alisher Boboyevning ma’lum qilishicha, ayni paytda prezident qarori loyihasi ishlab chiqilib, boshqa vazirlik va hokimliklarda kelishilmoqda. Hujjat bilan xususiy klinikalarga a’zolarni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berish belgilanmoqda. “Prezident qarori yaqin 2−3 hafta ichida e’lon qilinishi mumkin”, deya qo‘shimcha qildi u.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Litsenziyalash, akkreditatsiyalash va tibbiy turizmni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Jaloliddin Asamutdinovning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda transplantologiyaga xususiy sektorga ruxsat berish masalasi “juda dolzarb” bo‘lib bormoqda.
“O‘zbekistondan xorijga bemorlar oqimi sezilarli darajada oshdi. Ayniqsa, transplantologiya yo‘nalishidagi tibbiy xizmatlarni Hindiston, Turkiya va boshqa davlatlardan import qilyapmiz. Bu bir qator tashkiliy, huquqiy va moliyaviy muammolarni keltirib chiqaradi. Xususiy sektor bunday operatsiyalarni O‘zbekistonda o‘tkazishga ruxsat berish tashabbusini ilgari surmoqda. Biroq buning uchun qonunchilikni o‘zgartirish kerak bo‘ladi, bu esa tezkor jarayon emas. Shunga qaramay, ishlar boshlangan”, — dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, transplantologiya jiddiy va og‘ir masala hisoblanadi. Bu esa O‘zbekiston hududida tegishli infratuzilmani yaratish, jumladan, genetik tekshiruvlar va boshqa testlarni o‘tkazish imkoniyatini talab qiladi. “Bu juda qimmat tekshiruvlar va bu tizimli ravishda o‘tkazilmasa, o‘zini oqlamaydi”, — dedi u.
Jaloliddin Asamutdinov Sog‘liqni saqlash vazirligi xususiy sektorni transplantologiyaga bosqichma-bosqich jalb qilish masalasini batafsil o‘rganayotganini ta’kidladi. Birinchi bosqichda uncha murakkab bo‘lmagan operatsiyalarni, jumladan, ko‘z a’zolari transplantologiyasi sohasida o‘tkazishga ruxsat berish rejalashtirilgan. Kelgusida esa bunday imkoniyat barcha malakali klinikalarga taqdim etiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda Rossiya bilan hamkorlikda Yadro tibbiyoti markazi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.