Murad Buildings asoschisi Murod Nazarov O‘zbekistonda 2022-yildan beri amalda bo‘lgan daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriyni bekor qilishni taklif qildi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda so‘z bordi.
Tadbirkor bugungi kunda quruvchilar qurilish maydonlari hududidagi daraxtlar masalasini mustaqil hal qilayotganini ta’kidlab, tizimli yechim ishlab chiqishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, daraxtlar ko‘pincha qurilish texnikasi ishiga xalaqit beradi, shuning uchun moratoriy amal qilishiga qaramay, ular baribir “qandaydir yo‘llar bilan” kesilmoqda. U cheklovlar kiritilishiga qarshi chiqib, bunday choralar faqat korrupsiya uchun zamin yaratishini ta’kidladi.
“Kelinglar har bir qurilish kompaniyasi yoki uchinchi shaxslar o‘zlarining „daraxtlar banki“ ustida ishlasin. Biz bo‘lajak qurilish ishlarining hajmini va kesilishi mumkin bo‘lgan daraxtlar sonini oldindan bilamiz. Shuning uchun kesilgan daraxtlar o‘rniga yangilarini oldindan ekib, hokimliklar balansiga o‘tkazish mumkin. Bu bilan uchinchi shaxslar ham shug‘ullanishi mumkin, ular keyinchalik ekilgan daraxtlarni quruvchilarga sotadi. Natijada daraxt ekishga ham investitsiya sifatida qarash boshlanadi”, — dedi Murod Nazarov.
Developerning tushuntirishicha, bu har bir tumanda alohida amalga oshirilishi kerak. Masalan, Mirobod tumanida daraxtlar kesilsa, yangi daraxtlarni ekish ham aynan shu tumanda amalga oshirilishi va keyinchalik hokimlik balansiga o‘tkazilishi kerak. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabovning bu tizim ishlaydimi, degan savoliga Nazarov “shundog‘am kesilyapti”, deb javob berdi.
Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevning qo‘shimcha qilishicha, qurilish kompaniyalari kesilgan daraxtlar evaziga 3−4 barobar ko‘p daraxt ekishga rozi. U tizimni uglerod birliklari savdosiga o‘xshatdi.
Avvalroq prezident Toshkent va Yangi Toshkent shahri uchun “yechimlar atlasi” taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Bu binolar fasadlarini yagona me’moriy qiyofaga keltirish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.