10-iyul kuni Humo to‘lov tizimi O‘zbekistonda davlat obligatsiyalari bilan ta’minlangan token chiqarilganini e’lon qildi.
Yangi token sinov tarzida Humo Digital sho‘ba korxonasi tomonidan chiqarilgan hamda Istiqbolli loyihalar milliy agentligining raqamli aktivlar yagona elektron reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Mavjudlik va saqlanish ustidan nazoratni Asterium kriptodepozitariysi amalga oshiradi. Kriptoaktivlarning elektron reestriga ko‘ra, token uchun Mirasmanda taqsimlangan ma’lumotlar reestri ishlatiladi.
“Tokenning chiqarilishi xorijiy investitsiyalar jalb qilinishiga, biznes uchun hisob-kitoblar soddalashuviga va moliyaviy amaliyotlar shaffofligining oshishiga xizmat qiladi. Tokendan foydalanish tranzaksiyalar ustidan nazoratni kuchaytiradi va innovatsion vositalarga ishonchni mustahkamlaydi”, — deyiladi xabarda.
Humo’da ta’kidlanishicha, token kechikishlarsiz va vositachilarsiz tokenlarni fiat mablag‘larga almashtirishning tezkor va avtomatlashtirilgan jarayonlarini, tranzaksiya xarajatlarini kamaytirishni, shaffoflik va xavfsizlikni oshirish uchun blokcheyndagi barcha operatsiyalarni qayd etishni taklif qiladi.
Sinov bosqichida biznes va chakana foydalanuvchilar ishtirokida hisob-kitob hamda integratsiyaviy mexanizmlarni testdan o‘tkazish, shuningdek, tokendan real moliyaviy jarayonlarda foydalanish ssenariysini ishlab chiqish kutilmoqda. Tokenni to‘lov yechimlariga integratsiya qilish hamda raqamli savdo maydonchalarida listing qilish rejalashtirilgan.
Joriy haftada Kommersant nashri “loyiha rahbari” Pavel Bibikka tayanib, Humo tokeni Rossiya kompaniyalari bilan savdoni osonlashtirish uchun ishga tushirilgani haqida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi vosita transchegaraviy to‘lovlarni sezilarli darajada osonlashtirib, xalqaro hisob-kitoblar, shu jumladan Rossiya yuridik shaxslari bilan samarali yechimga aylanadi.
“Ъ FM” bilan suhbatlashgan ekspertlarning ta’kidlashicha, Humo tokeni aslida steyblkoin bo‘lib, u transchegaraviy to‘lovlarni soddalashtirishga qaratilgan. Digital & Analogue Partners kompaniyasi hamkori Yuriy Brisovning fikricha, token Rossiya biznesida talabga ega bo‘lishi mumkin.
17-iyul kuni Humo token loyihasi bilan bog‘liq “noto‘g‘ri talqinlar” bo‘yicha rasmiy izoh berdi. To‘lov tizimida ta’kidlanishicha, “loyiha biror bir alohida mamlakat yoki geosiyosiy kontekstda foydalanishga mo‘ljallanmagan”. Token turli muhitlarda qo‘llaniladigan universal infratuzilma vositasi sifatida yaratiladi.
Qayd etilishicha, Humo Token bilan bog‘liq barcha jarayonlar identifikatsiyalash, operatsiyalarni kuzatish va noqonuniy faoliyatga qarshi kurashish tartib-qoidalariga rioya qilgan holda O‘zbekistonning tartibga soluvchi organlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
“Loyiha shaffoflik, huquqiy barqarorlik va texnologik ishonchlilik tamoyillari asosida qurilgan” — deya qo‘shimcha qilinadi Humo xabarida. To‘lov tizimi mamlakatda kripto-aktivlardan to‘lov yoki to‘lovni qabul qilish vositasi sifatida foydalanish taqiqlanishini eslatib o‘tgan.
2024-yilning dekabr oyi oxirida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi MBPMning 100% ulushini $65 mln (840,3 mlrd so‘m) taklif qilgan Paynet to‘lov xizmatiga sotdi, bu baholagan qiymatdan yuqoridir.
Avvalroq ILMA ipoteka obligatsiyalarini chiqarishda Tartibga solish qumdonini joriy etishi haqida xabar berilgandi.