Uy-joy kommunal xizmatlari tariflarining oshishi va dori-darmonlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ining joriy etilishi 2024-yil boshida o‘zbekistonliklarning iste’mol faolligini pasaytirdi, deyiladi Korzinka supermarketlar tarmog‘ining strategik hisobotida (matni Spot ixtiyorida mavjud).
Korzinka kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimov o‘z bayonotida ikkinchi chorakda aholining tibbiy xizmatlarga xarajatlari oshgani va kommunal xizmatlar narxlari ko‘tarilgani sababli sotuvlar prognozga nisbatan kamroq o‘sganini ta’kidladi.
“Kommunal xizmatlar narxlarining ko‘tarilishi va ikkinchi chorakda retsept asosida beriladigan dori-darmonlarga QQS joriy etilishi mijozlarimizning oilaviy budjetiga ta’sir ko‘rsatdi hamda qisqa muddatli istiqbolda o‘rtacha iste’mol savatchasini o‘zgartirdi” — deya ta’kidladi Korzinka bosh direktori Rud Pedersen.
Shunday bo‘lsa-da, 2024-yilda qiyosiy sotuvlar (Like-for-Like sales) 9,3% ga o‘sdi, dekabr oyida esa bu ko‘rsatkich 2023-yilning ayni davriga nisbatan 16,3% ga ko‘tarildi. Faqat dekabr oyidagi sotuvlar 2016-yilning yillik sotuv hajmidan ham oshib ketdi.
Korzinka moliyaviy direktori Yelena Maltseva o‘z bayonotida, birinchi yarim yillikda LFL-trafik, ya’ni taqqoslanadigan savdo nuqtalariga tashrif buyurgan xaridorlar soni, yashash narxlari oshgani sababli atigi 0,7% ga ko‘payganini ma’lum qildi.
Ikkinchi yarim yillikda bu ko‘rsatkich “Kundalik xaridlarga yanada arzon narxlar!” dasturi ishga tushirilgani tufayli 10,8% ga o‘sdi. Ushbu dastur yuzlab kundalik ehtiyoj tovarlarini qamrab oladi. Natijada, Korzinka o‘tgan yil davomida 94 mln mijozga xizmat ko‘rsatdi.
Bundan tashqari, Korzinka o‘z hisobotida kommunal xarajatlarning keskin ko‘tarilishi va retseptli dori-darmonlarga QQS joriy etilishi bilan bog‘liq “jiddiy oqibatlar” tufayli 2024-yilgi kengaytirish rejalarini qisqartirishga majbur bo‘lganini qayd etgan. Natijada, faqatgina 10 ta supermarket va 6 ta yangi “Mahalla” formatidagi do‘konlar ochildi.
2024-yil aprel oyidan farmatsevtika mahsulotlari aylanmasi va importi uchun QQS to‘lash bo‘yicha imtiyozlar bekor qilindi. Tibbiy va veterinariya xizmatlari, dori vositalari, shu jumladan veterinariya, shuningdek, tibbiy va veterinariya buyumlarini realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmaga QQS solinadigan bo‘ldi.
O‘tgan yilning may oyida O‘zbekistonda aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oshirildi. Bir yil o‘tgach, narxlar yana ko‘tarildi.
Avvalroq Spot Olmaliq kon-metallurgiya kombinati issiqlik ta’minoti sohasida ustun muzokara kuchiga ega deb topilgani haqida yozgandi.