O‘zbekistonda avtomobillarni jarima maydonchasidan olib chiqish uchun elektron ruxsatnoma olish imkoni yaratilishi mumkin. Bu bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti YHXX va uning hududiy bo‘linmalari vakolatli organ hisoblanadi. Elektron ruxsatnomalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) hamda YHXX mobil ilovasi orqali olish mumkin bo‘ladi.

Bunda elektron ruxsatnomani olish tartibi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 291-moddasi birinchi qismi “a” kichik bandi hamda uchinchi qismida ko‘rsatilgan holatlarga nisbatan tatbiq etiladi. Litsenziyasiz yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanganlik uchun avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan bo‘lsa, xizmat ko‘rsatilmaydi.

Xizmat Davlat xizmatlari markazlarida fuqaro o‘zi tashrif buyurishi orqali yoki Yagona portal yoki mobil ilovada onlayn ravishda ko‘rsatiladi. Undan bepul foydalanish mumkin bo‘ladi.

Qabul qilingan arizalar vakolatli organ tomonidan bir ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi, bunda YHXX ariza qabul qilinganligi to‘g‘risidagi xabarnomani portal yoki mobil ilova orqali avtomatik ravishda yuborishi kerak.

Avtomobilni jarima maydoniga joylashtirish va ushlab turish sabablari bartaraf etilganligi yoki ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilib, qonuniy qaror qabul qilinganligi tekshiriladi. Shu bilan birga, mazkur avtomobilda sodir etilgan boshqa huquqbuzarliklar ham o‘rganiladi.

Arizalar ko‘rib chiqilgach, ruxsatnoma DXMga yoki ariza beruvchiga elektron tarzda bir ish kuni ichida yuboriladi.

Loyiha bo‘yicha muhokamalar 22-iyulgacha davom etadi. Fikr-mulohazalarni havola orqali bildirish mumkin.

Avvalroq yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun bir oyda qaror chiqarilmasa, jarima bekor qilinishi haqida xabar berilgandi. Yo‘llarda haydovchilik madaniyatini oshirish va ashaddiy huquqbuzarlarga qonuniy chora ko‘rish maqsadida Surunkali qoidabuzarlar dasturi joriy etiladi.