O‘zbekistonda davlat va xususiy oliy ta’lim tashkilotlari uchun standartlarni unifikatsiya qilish taklif etilmoqda. Bu haqda 16-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan xususiy ta’lim sohasidagi tadbirkorlar bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda so‘z bordi.

Nodavlat ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi raisi Nuriymon Abulhasan mamlakatda xususiy ta’lim tizimi rivojlanayotgani, shu bilan birga, sohada tizimli muammolar mavjudligini qayd etdi. U asosiy muammolar qatorida davlat va xususiy maktablar uchun ikki xil standartlar belgilanishi hamda ularni soliqqa tortishda ham tafovutlar borligini keltirib o‘tdi. Bu kabi farqlar professional va oliy ta’lim muassasalarida ham kuzatiladi.

Assotsiatsiya tomonidan olib borilgan tadqiqotlar xususiy ta’lim tashkilotlari faqat songa ishlamasligi kerakligini, bunday OTMlar uzoqqa bormasligini ko‘rsatgan. Birgina qo‘shni davlatlar, masalan, Qozog‘istonda yigirma yil oldin xususiy ta’limga e’tibor kuchaytirilib, Shimkent viloyatining o‘zida 45 ta oliy ta’lim tashkiloti ochilgan bo‘lsa, oradan o‘n besh yil o‘tib, shundan to‘rttasi qolgan. “Bozorning o‘zi tarbiyalaydi”, — dedi Nuriymon Abulhasan.

“Biz ko‘proq talab qo‘yayotganimizda ta’lim sifatini qanday belgilaymiz? Bu tashkil etilganiga 4−5 yil to‘lgan OTMlarning ta’lim sifati, bitiruvchilar natijalari va ish bilan ta’minlanganlik darajasi orqali aniqlanadi. Bu boradagi xatarlarni yumshatish uchun o‘yin qoidalarini professional yondashuv asosida belgilash kerak”, — dedi u.

Nodavlat ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi rahbari sohada sifatni oshirish maqsadida davlat va xususiy ta’lim sektori uchun belgilangan standartlarni unifikatsiya qilish taklifini bildirdi. Uning qayd etishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq, ikki xil talablarni qayta ko‘rib chiqish zarur.

Bundan tashqari, Nuriymon Abulhasan xususiy ta’lim bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga ustav kapitalini shakllantirish uchun “juda katta mablag‘” qo‘yish yuklatilayotganini ta’kidladi. “Ularga talabni, ustav kapitali bilan emas, balki sifat darajasi bilan belgilash kerak”, — dedi u.

“Xususiy oliy ta’lim tashkilotlarining kelgusi faoliyatiga baho berishda ularning mutaxassislarni yetishtirishda ta’limni qanday olib borishi va oliygohning ilmiy salohiyatiga e’tibor qaratish zarur. Bu faqat tijorat nuqtayi nazaridan bo‘lmasligi kerak”, — ta’kidladi Abulhasan.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabovning xususiy oliygohlarning ta’lim sifatini qanday mezonlar asosida aniqlash mumkinligi borasidagi savoliga assotsiatsiya raisi litsenziya berish talablariga e’tibor qaratdi. Chunki, hozirda litsenziya beruvchi organ xususiy oliy ta’lim tashkilotlarini tashkil etayotganlardan OTMning ilmiy salohiyati, professorlari soni va bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash hamda ularni ishga jalb qiluvchi tashkilotlar bilan qiziqmaydi.

Nuriymon Abulhasan nodavlat oliy ta’lim muassasalarida professional mutaxassislarni jalb qilish va professorlar tarkibini shakllantirish uchun bir yilgacha muddat berilishini so‘radi. Bu vaqt ichida litsenziya talablari asosida har bir kafedrani bir nafar fan doktori va uch nafar PhD bilan ta’minlash imkoni yaratiladi.

Bundan tashqari, xususiy universitetlarga litsenziya berishda barchaga bir xil talablar qo‘yilishini ta’minlash zarur. Nuriymon Abulhasanga ko‘ra, ayrim oliygohlar belgilangan talablarga javob bermasa ham litsenziya olmoqda, ayrimlari esa imkoniyati yetarli darajada bo‘lsa ham rad etilmoqda.

O‘zbekistonda xususiy OTMlarga yangi talablar joriy etilmoqda. Hukumat qarori nodavlat oliy ta’lim muassasalarini litsenziyalash va ularning faoliyati tartibini sezilarli darajada kuchaytirishga qaratilgan. Hujjat 2025-yil 4-oktabrdan kuchga kiradi.

Avvalroq Spot universitetlar vakillari va iqtisodchilarning ushbu o‘zgarishlarning mavjud universitetlar barqarorligiga ta’siri, yangi ta’lim loyihalarini ishga tushirishga qiziqish va oliy ta’lim tizimida xususiy sektorni rivojlantirishga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniqlash uchun fikrlarini to‘plagandi.