Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan mamlakat miqyosida xo‘jalik yurituvchilarning tovar va moliya bozorlaridagi faoliyati hamda raqobat muhitini o‘rganish maqsadida tahlil o‘tkazildi.

Uning doirasida bozordagi asosiy ishtirokchilarning faoliyati maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish, temir yo‘llarda tashish, neft-gaz sohasida tahlil, nazorat, sinov va sifatni baholash, suyultirilgan gazni saqlash hamda issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va sotish xizmat turlari bo‘yicha o‘rganildi.

Natijada “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 14-moddasiga asosan, qo‘mita hududiy organlarining tegishli buyruqlari bilan ayrim xo‘jalik yurituvchilarni o‘zlariga biriktirilgan hududlarda ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etdi.

Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va sotish xizmatlari sohasida ustun muzokara kuchiga ega deb topildi.

Buxorodagi Neftgaztadqiqot korxonasi hamda Buxoro gaz to‘ldirish stansiyasi neft-gaz sohasida tahlil, nazorat, sinov va sifatni baholash va propanni saqlash xizmatlari bo‘yicha ustun muzokara kuchiga ega deb belgilandi. Navoiy temir yo‘l transporti korxonasi esa temir yo‘ldan foydalanish va tashish xizmatlari sohasida ustunlikka ega.

Shuningdek, mamlakatning uchta hududidagi 27 ta korxona maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari sohasida ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etildi. Bular quyidagicha:

Samarqand viloyatidagi quyidagi beshta korxona:

  • Gold Marjonabegim;
  • Shoximardon Asqarov;
  • Mansurbek Qo‘rg‘on Biznes;
  • Kattaqo‘rg‘on Obod Servis;
  • Ikrom nasrullaev.

Qashqadaryo viloyatidagi quyidagi 13 ta kompaniya:

  • Qashqadaryo Eko Trans;
  • Bi-Say;
  • Binokor Azizbek Eko;
  • Beknur Stroy Savdo;
  • Qamay Qorasuv Ecos;
  • Eko-Hayot;
  • Nuriston Tozlash;
  • Koson Stroy Standart Servis;
  • Intizor Oybekovna;
  • Chimyon Express;
  • Kasbi Eko-hayot;
  • Ilg‘or voha;
  • Solitary Garden.

Jizzaxdagi 9 ta korxona:

  • Toza-eko hudud;
  • Jizzax viloyati toza hudud;
  • Eko sfera;
  • Aydar eko sfera;
  • Paxtakor eko sfera;
  • Forish-ekosfera;
  • Yangiobod eko sfera group;
  • G‘allaorol eko sfera;
  • Eko house.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi eksklyuziv huquqqa ega 29 ta kompaniyani ustun mavqega ega deb topgani haqida xabar berilgandi.