Apple insayder Jon Prosserga qarshi tijorat sirini o‘zlashtirgani uchun sud da’vosi qo‘zg‘atdi. MacRumors portali to‘liq hujjatni e’lon qildi.
Jon Prosser iOS 26 ning ehtimoliy dizaynini rasmiy chiqarilishidan oldin namoyish etgan edi. U “Kamera” ilovasining interfeysi qanday ko‘rinishini aniqlab oldi, shuningdek, hali hech narsa ma’lum bo‘lmagan Liquid Glass dizayn konsepsiyasi haqida ma’lumot berdi.
Apple’ning fikriga ko‘ra, Jon Prosser o‘z do‘sti Maykl Ramachchiotti bilan dasturchi Itan Lipnikning muhandislik iPhone’iga kirish uchun til biriktirishgan.
Ular qurilmaning parolini bilib olishgan va Lipnik smartfonidan uzoq vaqtga qachon uzoqlashishini kuzatib turishgan. Prosser Ramachchiottiga ma’lumot olishda yordam bergani uchun pul taklif qilgan.
Ramachchiotti FaceTime orqali Prosserga qo‘ng‘iroq qilib, ishlab chiqilayotgan iOS prototipini ko‘rsatgan va uning tafsilotlarini aytib bergan.
Apple kompaniyasi Itan Lipnikni ishlab chiqilayotgan operatsion tizimga ega muhandislik namunasini yetarlicha himoya qilmaganlikda ayblamoqda. Buning uchun u allaqachon ishdan bo‘shatilgan.
Apple o‘zining tijorat sirini himoya qilish doirasida hakamlar sudidan Prosserga maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilishni taqiqlashni va maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilgani uchun yetkazilgan zararni qoplash majburiyatini yuklashni so‘ramoqda. Gap qanday summa haqida ketayotgani ma’lum qilinmagan.
Avvalroq Spot AQShda patent nizolari sababli iPhone sotuvi taqiqlanishi mumkinligi haqida yozgandi.
Bunga Applega asosiy displey yetkazib beruvchi Xitoyning BOE kompaniyasi ishlab chiqarishda Samsung’ning tijorat sirlaridan noqonuniy foydalangani sabab bo‘lgan.