Rustam Qoriyev 21 yoshida ingliz tilida ravon gapirgan yoshlarga havas qilib, uni mukammal o‘rganishga bel bog‘laydi. O‘qituvchilik qilish haqida o‘ylamagan bo‘lsa-da, moliyaviy qiyinchiliklar sabab ingliz tilidan dars bera boshlaydi.
Keyinchalik bu mashg‘ulot doimiy ishga aylanadi. 2022-yilda u “Ibrat farzandlari” loyihasiga asos soladi — bu tashabbus til o‘rganishga qiziqqan yoshlarni bir joyga jamlashga qaratilgan edi. Hozirda platforma orqali 2 mlndan ortiq foydalanuvchilar xorijiy tillarni bepul o‘rganishmoqda.
Rustam Qoriyevning kitobga qiziqishi bolaligidayoq boshlangan. Ammo mutolaaga bo‘lgan munosabati talabalik yillarida o‘zgardi — o‘sha vaqtda u kitob faqat bilim emas, balki dunyoqarash va hayotga bo‘lgan munosabatni shakllantiruvchi kuchli vosita ekanini anglab yetdi.
“Kitob o‘qish hayotimdagi o‘sish bosqichlarida doim muhim rol o‘ynagan. Rahbarlik, ustozlik, yetakchilik — bularning barchasi bilimga, bilim esa kitobga tayanadi. Kitoblar menga ko‘p savollarga oldindan javob topishga yordam bergan”, — deydi u.
Qoriyev har kuni kamida 20 daqiqa kitob o‘qishga odatlangan. Bu vaqt unga ichki osoyishtalik va fikr tiniqligi beradi. U o‘zini kitobxon deb biladi.
Bugungi kunda uning shaxsiy kutubxonasida 300 dan ortiq asar bor. Ular orasida ta’lim, psixologiya, boshqaruv, fitratshunoslik, hamda islomiy bilimlarga oid kitoblar alohida o‘rin tutadi. Bolalar uchun tanlangan ilhomlantiruvchi adabiyotlar va “Ibrat Farzandlari” loyihasida tavsiya qilinadigan kitoblar ham bu ro‘yxatda mavjud.
Qog‘ozli kitoblar esa Rustam uchun alohida qadrlidir. U sahifalarni qo‘lda his qilish, iz qoldirish va o‘z fikrini belgilash jarayonini onlayn o‘qishdan afzal ko‘radi. Safarda elektron kitoblar qulay bo‘lsa-da, qog‘ozli kitob bilan o‘qish unga ko‘proq zavq bag‘ishlaydi.
“Venchur tafakkur”, Ilya Strebulaev, Aleks Dang
Kitob boshqacha fikrlash va sarmoyadan maksimal darajada foyda olish haqida. Bugun eng dadil va ta’sirli loyihalarga mablag‘ ajratayotgan venchur investorlar tobora ko‘proq e’tiborga tushmoqda. Ben Xorovis va Jon Doer kabi investorlar endilikda milliard dollarlik kompaniyalar asoschilari darajasida taniqli bo‘lib qoldi. Nega ular bunchalik muvaffaqiyatli? Nima uchun venchur kapital yildan-yilga yuqori daromad keltiryapti?
Silikon vodiysidagi investorlar bilan o‘tkazilgan yuzlab suhbatlar va Stenford universitetidagi o‘n yillik tajriba muallif Ilya Strebulayevni bir xulosaga olib keldi: venchur tafakkuri klassik qaror qabul qilish yondashuvlaridan tubdan farq qiladi. Bu fikrlar sog‘lom mantiqqa ziddek ko‘rinsa-da, aynan shunday yondashuv eng yirik texnologik yutuqlarga olib kelmoqda. Masalan, qisqa muddatli foydani inkor etmaslik, xatolarni foydali deb bilish, muvaffaqiyatsizliklardan qo‘rqmaslik.
Bu asar faqat biznes haqida emas. “Venture” tafakkuri — qaror qabul qilish, jamoa bilan ishlash, karyera qurish va hayotda yo‘l topishga doir tamoyillar haqida. Kitob nafaqat tadbirkorlarga, balki rahbarlarga, o‘qituvchilarga va karyerasi hamda hayotida yanada ishonchliroq qarorlar qabul qilishni xohlovchilarga ham foydali bo‘ladi. U noaniqlikka boshqacha nuqtai nazardan qarashga va uni tahdid sifatida emas, balki imkoniyat deb qabul qilishga yordam beradi.
“0 dan boshlangan biznes. Lean Startup uslubi”, Erik Ris
Bu kitob amerikalik tadbirkor Erik Risning kitobi bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab startapchilar, innovatorlar va menejerlar uchun qo‘llanmaga aylangan. Unda biznesni yaratish va rivojlantirishga tejamkor, moslashuvchan va tezkor yondashuv taklif etiladi.
Muallif mahsulotni shunchaki ishlab chiqish emas, balki haqiqatan mijozga kerak bo‘lgan narsani topish va yaratishni ustuvor deb biladi. Kitobda g‘oyalarni tez sinab ko‘rish, uzluksiz o‘rganish va resurslarni bekorga sarflamaslik asosiy tamoyillar sifatida ilgari suriladi.
Ris yuqori noaniqlik sharoitida qanday qilib xatolardan saboq olib, biznesni samarali yo‘lga qo‘yish mumkinligini amaliy misollar bilan ko‘rsatadi.
Kitob startap asoschilari, mahsulot ustida ishlayotganlar va yangilik kiritishga intilayotgan har bir inson uchun yozilgan.
“Farovonlik Paradoksi”, Kleyton Kristenson
“Farovonlik paradoksi” (The Prosperity Paradox) — bu Kleyton Kristenson, Efosa Ojomo va Karen Dillon tomonidan yozilgan kitob bo‘lib, u kambag‘allikni oddiy yordam dasturlari orqali emas, balki innovatsiya va bozorni yaratish orqali hal etish konsepsiyasini ilgari suradi.
Kitobda mualliflar nafaqat AQSh yoki Yevropa mamlakatlari, balki Meksika, Yaponiya, Janubiy Koreya va hatto Nigeriya kabi turli davlatlar misolida innovatsiyalar qanday qilib millionlab insonlarning turmush tarzini o‘zgartirganini ochib beradi. Ular real hayotiy misollar orqali ko‘rsatadi: “nima uchun ba’zi mamlakatlar tez rivojlanadi va bu rivojlanishga nima sabab bo‘ladi?”.
Kitob sizni nafaqat iqtisodiyot va innovatsiyalar bilan tanishtiradi, balki kengroq savollarni qo‘yadi: “nimaga aholi farovonligini oshirishga qaratilgan ko‘plab qarorlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi?”. Bu savollar, Kristensenning ilmiy tadqiqotlari bilan birga, global rivojlanishning zamonaviy muammolarini yanada tushunishga yordam beradi.
Bu kitobni siyosatchilar, davlat xizmatchilari, iqtisodchilar, tadbirkorlar, talabalar va mamlakat taraqqiyotiga befarq bo‘lmagan har bir kishiga tavsiya etish mumkin.
Unda oddiy islohotlardan tashqari, startap yondashuvi orqali iqtisodiy o‘sishga qanday erishish mumkinligi ko‘rsatiladi. Mualliflar real voqealar va tajribalarga tayangan holda aniq yo‘l xaritasini taklif qiladi. Xulosa qilib aytganda bu — fikrlashga va harakatga undovchi, amaliy qadamlarga chorlovchi kitob.
“Alkimyogar”, Paulo Koelo
“Alkimyogar” mashhur braziliyalik yozuvchi Paulo Koelo tomonidan yozilgan eng mashhur falsafiy-sarguzasht romanlardan biri. U ilk bor 1988-yilda nashr etilgan bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab 80 dan ortiq tillarga tarjima qilingan va millionlab nusxalarda sotilgan.
Asarning asosiy g‘oyalari:
- orzular sari yo‘lga chiqing — har bir insonning hayotda o‘zining “shaxsiy afsonasi” bor;
- taqdir jasur kishilarni qo‘llaydi — siz chindan istagan narsani olasiz, agar harakat qilsangiz;
- xazina tashqarida emas, ichkarida — haqiqatda eng katta boylik sizning ichki o‘sishingiz va ma’naviy rivojlanishingizdir;
- tabiat va alomatlar bilan muloqot — dunyo bilan uyg‘un yashash, belgilarni anglash muhimdir.
Bu kitob — yo‘lini topmoqchi bo‘lganlar, orzulari sari dadil qadam qo‘ymoqchi bo‘lgan yoshlar, hamda ma’naviy izlanishda yurganlar uchun.
Muallifning quyidagi fikri hayotimda chuqur iz qoldirdi: “Biror narsani chin dildan istasangiz, butun koinot uni amalga oshirishga yordam beradi.”
Agar siz o‘zingizni tinglash, ichki ovozingizga quloq tutish yoki hayotga yangi nigoh bilan qarashni istasangiz — “Alkimyogar” sizni o‘ylantiradigan, yo‘l ko‘rsatuvchi kitob bo‘lishi mumkin.
“Iymon”, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
Asar islomiy e’tiqodga oid muhim kitoblardan biridir. Unda iymonning mazmuni, asosiy shartlari va musulmon hayotidagi o‘rni sodda va tushunarli tilda bayon etiladi. Bu kitob — iymon nima ekani, uni qanday saqlash va mustahkamlash haqida chuqur mulohaza yuritish uchun muhim manba.
Bu kitob nafaqat bilim manbai, balki ijtimoiy va ma’naviy barkamollikka yetaklovchi yo‘lboshchi hamdir. Uning har bir sahifasi o‘quvchini o‘z e’tiqodiga qayta nazar tashlashga, dinni to‘g‘ri anglab, hayotiga tatbiq etishga undaydi. “Iymon” — har bir musulmon qalbi uchun ruhiy ozuqa bo‘lishi shubhasiz.