Rossiyada uzoq vaqtdan beri aloqa va telekommunikatsiya sohasida texnik mutaxassislar yetishmayapti. Bu haqda hi-tech mail nashri xabar berdi.
Telesputnik’ning SuperJob tahlilchilariga tayanib xabar berishicha, ikki yil ichida ushbu xodimlarga bo‘lgan talab shaharlar kesimida 12%ga, sohadagi maosh esa 4−11%ga oshgan. Shunga qaramay, baribir mutaxassislar tanqis.
Rostelekom fikriga ko‘ra, telekommunikatsiya sohasida muhandislarning yetishmasligi bir vaqtning o‘zida bir nechta omillar bilan bog‘liq
Birinchidan, infratuzilma hozirda faol rivojlanmoqda, shuning uchun mutaxassislarga talab juda yuqori — ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari esa sanoat ehtiyojlariga moslasha olmayapti. Ikkinchidan, mehnat bozoriga ish beruvchilar o‘rtasidagi raqobat kuchli ta’sir ko‘rsatadi.
“Aynan texnik bilimga ega bo‘lgan muhandislar yetishmayapti. Odatda, bunday xodimlar kamida bir-ikki yil tajribaga ega bo‘ladi. Ammo kechagi bitiruvchilar qisqa muddatga ishga kirib, hech narsani tushunib ulgurmay ketib qolishmoqda”, — deydi Sankt-Peterburg provayderlaridan birining anonim xodimi.
Bunday vaziyatda telekommunikatsiya kompaniyalariga qoladigan yagona narsa — o‘z hisobidan yosh mutaxassislarni o‘qitish va muhandislar yetishmovchiligini qoplash uchun eski kadrlarni saqlab qolish.
Aloqa sohasida ta’lim olgan talabalar esa ish uchun zarur bo‘lgan tajribaga ega bo‘lish imkonini beradigan yirik kompaniyalarda amaliyot o‘tash takliflariga e’tibor qaratishlari kerak.
Avvalroq Spot Rossiyada migrantlarning xorijga pul o‘tkazmalari miqdori cheklanishi mumkinligi haqida yozgandi.
Davlat dumasida migrantlarning tasdiqlangan ish haqidan ortiq pul o‘tkazmalarni amalga oshirishlarini taqiqlash taklif qilinmoqda.