2025-yilning birinchi yarim yilligi yakuniga ko‘ra, uy-joy sotuvlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10,6%ga oshib, 136,5 ming xonadonni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.

Iyun oyi yakuniga ko‘ra, 21 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari ro‘yxatdan o‘tkazildi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,7%ga ko‘pdir.

Birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ko‘chmas mulk bozoridagi hududiy dinamika barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda.

Faollikning eng sezilarli o‘sishi Jizzax (29,9%), Navoiy (18,3%) va Surxondaryo (17,7%) viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, Toshkent viloyatida bitimlar hajmi biroz kamaygani (2,6%) kuzatildi.

Toshkentda ko‘chmas mulk bozori

Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joyning o‘rtacha narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,8%ga pasaygani qayd etildi, yangi qurilgan uylar segmentida esa narxlar atigi 1,6%ga kamaydi.

O‘tgan yilning iyun oyidan buyon poytaxtdagi ikkilamchi uy-joy narxlarining eng katta pasayishi Mirzo Ulug‘bek (-7,6%), Yashnobod (-7,3%) va Chilonzor (-6,9%) tumanlarida kuzatildi.

Birlamchi uy-joy narxlarining eng sezilari pasayishi Uchtepa (-9,7%), Yunusobod (-8,8%) va Shayxontohur (-7,7%) tumanlarida qayd etildi.

Toshkentda uy-joy ijarasi

Iyun oyida Toshkent shahrida ijara narxlarining barqarorligi kuzatildi. O‘rtacha ijara narxi o‘tgan oydagi ko‘rsatkichni saqlanib qoldi va bir kvadrat metr uchun $8,1ni tashkil etdi.

Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha $10,3ni tashkil etadi.

Yillik hisobda o‘rtacha ijara narxlari 2,6%ga pasaydi. Eng sezilarli pasayish Uchtepa, Yashnobod va Chilonzor tumanlarida qayd etildi.

Ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori

Joriy yilning iyun oyida O‘zbekistonda ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi o‘tgan oyga nisbatan 0,3%ga oshdi. Yillik hisobda o‘sish 1,8%ni tashkil etdi.

Hududlar kesimida Jizzax viloyati iyun oyida uy-joy narxlarining biroz pasayganiga (-1,3%) qaramasdan, yillik o‘sish sur’ati bo‘yicha yetakchilikni saqlab turibdi (11,7%).

Shu bilan birga, yillik hisobda ijobiy dinamika Surxondaryo (10,9%), Xorazm (7,3%) va Namangan (7,1%) viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (9,3%) ham qayd etildi.