17-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev uy-joylarni sotishda ularning narxini sun’iy ravishda pasaytirish holatlari kuzatilayotgani haqida so‘z yuritdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyun oylarida 2000 ta holatda bitimlarni notarial rasmiylashtirishda uy-joyning kvadrat metri narxi 1 mln so‘m deb ko‘rsatilgan. Bunday obyektlarning umumiy maydoni 353 ming kv.metrni tashkil etdi.

9300 ta holatda uylarning kvadrat metri 1 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha sotilgan, umumiy maydoni — 702 ming kv.metr. Umumiy maydoni 933 ming kv.metr bo‘lgan yana 13,5 mingta bitimda qiymat 1 kv.metr uchun 3 mln so‘mdan 5 mln so‘mgacha bo‘lgan.

“Toshkentda pardozsiz uy-joyning bir kvadrat metri $300−400 dan kam emas. Viloyatlarda yoki chekka hududlarda esa narxlar bundan arzonroq bo‘lishi mumkin. Soliq qo‘mitasi uy-joylarning minimal qiymatini belgilash tarafdori, ammo bu qonuniy ishlaydigan quruvchilarni himoya qilish uchun zarur”, — dedi Kudbiyev.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov uy-joy kvadrat metrining notarial qiymati pasaytirilganiga izoh berib, quruvchilardan kvadrat metri 5 mln so‘mdan arzonroq bo‘lgan kvartiralarni qayerdan topish mumkinligini so‘radi.

Sherzod Kudbiyev O‘zbekiston quruvchilar assotsiatsiyasini Toshkent shahrida uy-joylarning minimal narxini belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga va kelajakda ushbu me’yorga amal qilishga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, poytaxtda uy-joy narxi bir kv.metri uchun kamida $500 ni tashkil etadi.

O‘z navbatida, Davron Vahabov quruvchilarga qonuniy tartibda ishlashni va uy-joy sotishning real qiymatining kamida 80%ini ko‘rsatishni taklif qildi.

Avvalroq Spot eskrou-hisoblarni joriy etish uy-joy narxining oshishiga olib kelishi mumkinligi haqida yozgandi.