Eksportchilar O‘zbekistonda meva-sabzavot yetishtirish uchun imtiyozli moliyalashtirishni joriy etishni taklif qilmoqda. Bu haqda 18-iyul kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan meva-sabzavot mahsulotlari eksportchilari vakillari bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda so‘z bordi.

International Beverages Tashkent ta’sischisi, Samarkand Gardens Plast vakili Shuhrat Ergashevning ta’kidlashicha, Rossiyada yiliga 1,3 mln tonna muzlatilgan meva va sabzavotlar iste’mol qilinadi. Shu bilan birga, O‘zbekistondan muzlatilgan mahsulotlarning umumiy eksporti 30−40 ming tonnani tashkil etadi. Fermer 1 gektar brokkoli, gulkaram va bulg‘or qalampiridan 100 mln so‘mgacha daromad qilishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi u.

“Lekin mavsumda fermerda aylanma mablag‘ yetishmovchiligi yuzaga keladi. Men bank, fermer xo‘jaligi va mahsulotlarni qayta ishlash zavodini birlashtiradigan yangi tizimni joriy etishni taklif qilaman. Masalan, bank fermerni moliyalashtirishi mumkin, qayta ishlash zavodi ma’lum miqdordagi mahsulotni qat’iy belgilangan narxda sotib olish uchun kafolat beradi. Natijada loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tahlil qilishda bankka yordam beradi”, — dedi tadbirkor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, fermer mavsum boshida soliq to‘lash, mineral o‘g‘it va yoqilg‘i sotib olish, agrotexnik ishlarni bajarish va ish haqini to‘lash uchun mablag‘ga muhtoj. Shuhrat Ergashev banklarga fermerlarni moliyalashtirishni, davlatga esa foiz stavkasini qisman — qayta moliyalashtirish stavkasining 30−50%igacha qoplashni taklif qildi.

O‘zbekiston iqlim sharoitida yetishtirish uchun brokkoli, gulkaram va bulg‘or qalampiri kabi qishloq xo‘jaligi ekinlari mos keladi, ular Rossiya bozorida ham talabga ega. Samarkand Gardens Plast vakilining qo‘shimcha qilishicha, fermer bir gektardan 10−15 tonnagacha brokkoli olishi mumkin.

“Har qanday subsidiyalarga investitsiya sifatida qarash kerak. Davlat fermerlarni kreditlash uchun qancha mablag‘ ajratilayotgani va bu 5−10 yildan keyin qanday natija berishini tahlil qilishi muhim. Fermerlar, banklar va qayta ishlash korxonalari o‘rtasida uch tomonlama kelishuvlar tizimini yo‘lga qo‘yish mumkin. Ular mahsulot ishlab chiqaradigan, banklar mablag‘ ajratadigan, zavodlar esa hosilni kafolatli sotib olib, eksport qiladigan bunday model juda samarali bo‘ladi”, — deya ta’kidladi Shuhrat Ergashev.

U muzlatilgan meva va sabzavotlar ishlab chiqarishni “stresssiz biznes” deb atadi, chunki bunday mahsulotlarni saqlash muddati bir necha yilni tashkil qiladi. Misol tariqasida Ergashev Rossiya bozoriga muzlatilgan brokkoli va gulkaram yetkazib berishning 90%ini ta’minlaydigan Misrni keltirdi.

Agrobank vakilining ma’lum qilishicha, hozirda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 14%li ikki yillik kredit berilmoqda. Qarz miqdori hosil qiymatining yarmini tashkil qiladi, lekin uni olish uchun garov ta’minoti kerak.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov garov talabini “eng asosiy muammo” deb baholadi. U fermerlar va qayta ishlash zavodlari o‘rtasida paxta va bug‘doy fyucherslari kabi fyuchers shartnomalari tuzishni, shuningdek, davlat tomonidan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasini qoplashni taklif qildi.

Avvalroq Mo‘g‘ulistondan qo‘y va echki import qiluvchilarga 10% lik imtiyozli kreditlar ajratilishi haqida xabar berilgandi.