Farg‘ona viloyatida Tojikiston bilan hamkorlikda mis va alyumin simlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov 18-iyul kuni loyihani amalga oshirayotgan hamkorlar — farg‘onalik Fotima Imomova va tojikistonlik Shuxrajon Ashurmatovni qabul qildi. Tomonlar bo‘lajak Osiyo Kabellari zavodi qurilishini muhokama qildilar.

Ishlab chiqarish Dang‘ara tumanidagi 1 gektar maydonda joylashadi. Ishlar $10 mlnlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan moliyalashtirilmoqda.

Yangi zavodni joriy yilning dekabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yerda yiliga umumiy qiymati 260 mlrd so‘m bo‘lgan 15 ming tonna mis va 1700 tonna alyuminiy sim ishlab chiqarish, shuningdek, 100 ga yaqin kishini doimiy ish bilan ta’minlash mumkin bo‘ladi.

Zavod mahsulotlarining bir qismi MDH mamlakatlariga, birinchi navbatda, Qirg‘izistonga eksport qilinadi. Birinchi bosqichda xorijga yetkazib berish hajmi $1 mlnni, budjetga umumiy tushumlar esa 28 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Investorlar loyiha bo‘yicha ishlarni tezlashtirish va zavodni muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasiga ulash imkoniyatlarini muhokama qildilar. Viloyat hokimi bu masalada hamkorlarga ko‘maklashishini va’da berdi.


Avvalroq Spot Farg‘onada Tulpor brendi ostida traktorlar ishlab chiqarish korxonasining qurilishi boshlangani haqida yozgandi.

Shu bilan birga, Qo‘qon EIZda jami qiymati $35 mlnlik qadoqlash idishlari, farmatsevtika mahsulotlari va bo‘yoqlar ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi.