Maktabdagi so‘nggi 6 yillik o’rtacha baholar test sinovlari baliga qo‘shilmaydigan bo‘ldi. Bu haqda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ma’lum qildi.
2024-yil 19-iyul kuni qabul qilingan prezident farmoni bilan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-noyabrdagi, maktabdagi so‘nggi 6 yillik o‘rtacha baholarni oliy ta’limga kirish imtihonlarida inobatga olish tartibini belgilovchi qarori o‘z kuchini yo‘qotdi.
Ushbu qarorga muvofiq, 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab abituriyentlarning shahodatnomasidagi 6 yillik baholar o‘rtachasi test ballariga qo‘shilishi rejalashtirilgan edi.
Masalan, 130 ball to‘plagan abituriyentga 3, 4 yoki 5 baho uchun mos ravishda 3, 4 yoki 5 ball qo‘shilishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq bu tartib 2023-yilda 2 yilga kechiktirilgandi.
Endilikda esa prezident farmoni bilan bu tizim butunlay bekor qilindi. Shunday qilib, maktab baholari test sinovlari natijalariga ta’sir qilmaydi va test ballariga qo‘shilmaydi.
Avvalroq Spot OTMlar uchun imtihonlar 14-iyuldan boshlanishi haqida yozgandi.
Kirish test sinovlari 10 kun davom etib, ikki smenada tashkil etiladi. Abituriyentlardan imtihonga kerakli hujjatlar bilan vaqtida kelish so‘ralmoqda.
Amaldagi tartibga muvofiq, oliygohlar bakalavriatiga qabul jarayoni ikki bosqichda — “avval test, so‘ng tanlov” tamoyilida amalga oshiriladi. Imtihonlar iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tib, test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi.
Agar nomzodlar alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kasbiy/ijodiy imtihonlarda ishtirok etsa, ta’lim tili, test topshirish hududi, ta’lim yo‘nalishi hamda kasbiy (ijodiy) imtihon topshiriladigan oliygohni tanlashi kerak.
Ikkinchi bosqichda abituriyentlar kirish imtihonlari to‘liq yakunlangach, 15 kun ichida my.uzbmb.uz sayti orqali OTM, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli va tanlov ustuvorligini tanlaydi.
Abituriyent test sinovida to‘plagan ballarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasiga bilishi mumkin. Uning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani qabul jarayonining ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlangandan keyin bir haftada Bilimni baholash agentligining saytida e’lon qilinadi.
Texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng, agar oliygohga qabul qilinmagan bo‘lsa, 10 kun ichida texnikum, kasb va mutaxassislik hamda ta’lim shaklini tanlashlari mumkin bo‘ladi. Uning natijasi ham bir haftada agentlik saytida e’lon qilinadi.
Avvalroq O‘zbekistonda xususiy oliygohlar uchun talablar kuchaytirilgani haqida xabar berilgandi. Ular ustav fondini kamida $2 mln miqdorida yaratishlari, $350 minglik depozit ochishlari va 5 yillik strategik rivojlanish rejasi bilan konsepsiyani taqdim etishlari kerak.