Centrum Air yangi o‘rta masofali A321neo samolyotini qabul qilib oldi, u 19-iyul kuni Airbus konsernining Gamburgdagi zavodidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Toshkent xalqaro aeroportiga yetib keldi. Bu haqda xususiy aviakompaniya matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.

Samolyot zavod sinovlarining barcha bosqichlaridan, shu jumladan to‘liq parvoz sinovidan o‘tgan. 8-iyul kuni ekipaj 2 soat 25 daqiqa davom etgan parvozni amalga oshirib, barcha tizimlarning ishlashini turli rejimlarda tekshirdi: balandlikka ko‘tarilish, eshelonda parvoz qilish va pasayish.

Centrum Air o‘rnatilgan dvigatellar tejamkorligi va shovqin darajasining pastligi bilan ajralib turishini ta’kidladi. Flightradar24 portali ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni Airbus A320neo Toshkent-Dubay-Toshkent va Toshkent-Boku-Toshkent yo‘nalishlari bo‘yicha parvozlarni amalga oshirgan.

2025-yil oxirigacha aviakompaniya aviaparki 14 ta, 2026-yil oxirigacha esa 21 ta samolyotga yetkazilishi kutilmoqda.

Ayni paytda Centrum Air’ning havo flotida 11 ta samolyot bor: oltita Airbus A320, uchta A321 va ikkita A330−300. Havo parkining o‘rtacha yoshi 11,5 yilni tashkil etadi.

Avvalroq Centrum Air ikkinchi keng fyuzelyajli Airbus A330 samolyotini olgani haqida xabar berilgandi. Layner 347 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, uning yoshi 15 yildan oshgan. Oxirgi ekspluatant — Irlandiyaning Aergo Capital lizing kompaniyasi bo‘lgan.