Telegram asoschisi Pavel Durov messenjerda keng tarqalgan firibgarlik usullaridan noroziligini bildirdi. Durov bu haqda o‘zining Telegram kanalida xabar berdi.
Pavelning aytishicha, Telegram foydalanuvchilari tovlamachilarga duch kelmoqda. Ular qimmatbaho kolleksion sovg‘alarni arzon narxda sotishga majburlashmoqda yoki hatto bepulga olishga urinishmoqda.
Durovning eslatib o‘tishicha, bunday kolleksion sovg‘alarning qiymati $100 minggacha va undan ham yuqori bo‘lishi mumkin.
“Shuningdek, shaxsiy ma’lumotlar yoki maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilish bilan tahdid qilib, pul talab qiluvchi kanallar haqida xabar berishmoqda. Ba’zilar buni biznes modeliga aylantirib, obro‘sizlantiruvchi postlarni joylashtirib, ularni o‘chirish uchun pul olishgan. Bu noqonuniy va axloqsizlikdir va biz bunga rozi bo‘lmaymiz”, deydi u.
Pavel Durov firibgarlarga qarshi shikoyat qilishning ikki usulini ma’lum qildi. Ularning biri pullik:
- Durovga uning Telegram kanali orqali shaxsiy xabar yozish. Xabar yuborish 5000 “Yulduz” (tahminan 1 mln 160 ming so‘m) turadi. Pavel tushuntirishicha, xabarlarni bepul qila olmaydi, chunki spam bilan kurasha olmaydi va hech kimga javob berolmay qoladi. Telegram rahbari xabariga aldov dalillarini ilova qilishni tavsiya etadi.
- @notoscam rasmiy boti orqali qo‘llab-quvvatlash xizmatiga yozish. Xabar tegishli xodimga yetib borishi uchun, unga albatta #blackmail heshtegini qo‘shish lozim.
“Biz bu firibgarlarni platformamizdan bloklaymiz va Telegramni hamma uchun xavfsiz joyga aylantiramiz,” — deya xulosa qildi Durov.
Avvalroq Pavel Durov jinoyat qilmagan bo‘lsa-da, Fransiyani tark eta olmayotgani haqida xabar bergandi.
Telegram rahbari yangi intervyusida qamoqqa olinishi, bu holat platformaning maxfiylik siyosati bilan qanday bog‘liqligi va raqamli shaxsiy ma’lumotlarga bo‘lgan tazyiq qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida gapirdi.