01

Nima bo‘ldi?

Joriy yilning 6-iyunidan boshlab “jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritish yoki reyestrdan chiqarish bo‘yicha” xizmat ishga tushirildi. Bu orqali jismoniy shaxslar o‘zlarining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun o‘zi bilan kredit bitimini tuzishni taqiqlashi mumkin bo‘ladi.

02

Bu nima uchun kerak?

Bugungi kunda firibgarlar tomonidan boshqa shaxslar nomiga ularning ishtirokisiz kredit rasmiylashtirish holatlari ko‘payib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi IIV TQD Kiberxavfsizlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda 2019−2024-yillar oralig‘ida kibermakondagi jinoyatlar soni 68 barobarga oshgan. Shuningdek, 2021−2024-yillarda kiberjinoyat sodir etish orqali fuqarolarga yetkazilgan umumiy zarar 1,9 trln so‘mdan ortiqni tashkil etgan. O‘tgan yili jami 58,8 mingta huquqbuzarlik sodir etilgan bo‘lib, shundan 4%i boshqa shaxslar nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish bilan bog‘liq.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning 9 oyida fuqarolar nomiga onlayn kreditlarni firibgarlik yo‘li bilan rasmiylashtirish bilan bog‘liq 463 ta holat qayd etilgan. Ushbu jinoyatlardan yetkazilgan umumiy zarar qariyb 15 mlrd so‘mni tashkil etgan.

O‘z-o‘ziga kredit olishni taqiqlashni joriy etish fuqarolarni himoya qilishning bir usuli, xolos. Xususan, noyabr oyidan boshlab kreditlarni onlayn rasmiylashtirishda cheklovlar amal qilmoqda — jumladan, majburiy biometrik identifikatsiyadan o‘tish singari.

03

O‘z-o‘ziga kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish nima degani?

Bu ixtiyoriy himoya chorasi bo‘lib, unda shaxs banklarga hamda mikromoliyaviy tashkilotlarga o‘zining nomiga kredit berishni rasman taqiqlaydi — natijada murojaatchi o‘zi bilan sodir etilishi mumkin bo‘lgan kiberjinoyatni oldini olishi mumkin bo‘ladi. Xizmatdan foydalanish yoki aksincha uni bekor qilish uchun kredit byurosi (KATM) yoki My.gov portali orqali ariza qoldirish mumkin.

Ariza topshirilgandan so‘ng, kredit byurosi murojaatchini maxsus “qora ro‘yxat"ga kiritadi. Natijada, jinoyatchilar ushbu fuqaro nomiga kredit rasmiylashtira olishmaydi. Sababi, barcha bank hamda mikromoliya tashkilotlari qarz berishdan oldin albatta ushbu ro‘yxatni tekshirishlari majburiy hisoblanadi. Agar reyestrda fuqaroga taqiq qo‘yilgan bo‘lsa, kredit berilmaydi.

Fuqaro o‘z xohishi bilan kredit olmoqchi-yu, lekin o‘z-o‘ziga kredit olishni taqiqlab qo‘ygan bo‘lsa-chi? Unda bank yoki mikromoliya tashkilotlariga kredit olish bo‘yicha murojaat qilishdan avval bu funksiyani o‘chirib qo‘yishlari kerak bo‘ladi.

04

Uni qanday qilib faollashtirish mumkin?

O‘z-o‘ziga kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish uchun jismoniy shaxs sifatida kredit byurosi saytiga kiring. Sayt sizni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (My.gov)ga yo‘naltiradi. Portalda akkauntingiz mavjud bo‘lsa, login va parolni kiriting: bo‘lmasa, mavjud usullardan birini tanlab ro‘yxatdan o‘ting.

Ba’zida kredit byurosi orqali tizimga kirish paytida “Shaxsiy ma’lumotlaringizni yangilashingiz zarur”, degan xabar chiqishi mumkin. Bunday vaziyatda: My.gov — saytida yangi oyna oching, shaxsiy kabinetga kiring, foydalanuvchi profilidagi “Ma'lumotlarni yangilash” tugmasini bosing. So‘ngra kredit byurosi saytiga qaytib, qaytadan ro‘yxatdan o‘tishga urinib ko‘ring.

Tizimga muvaffaqiyatli kirgach, “Kreditga taqiq” bo‘limiga o‘tib, “Keyingi” tugmasini bosing. Amallarni bajarganingizdan so‘ng, o‘z-o‘ziga kredit olishni taqiqlash darrov kuchga kiradi.

O‘z-o‘ziga kredit olishni qanday qilib “o‘chirib” qo‘yish mumkin? Zarurat tug‘ilsa, uni shu sahifaning o‘zida “O‘chirish” tugmasini bosish orqali bekor qilish mumkin.

kredit, taqiq

05

Xizmatni qanday qilib My.gov orqali faollashtirish mumkin?

Saytiga kiring. Qidiruv tugmachasiga xizmat nomini kiriting: “Kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish yoki taqiqni olib tashlash”. So‘ngra “Xizmatdan foydalanish” tugmasini bosing.

Ekranda paydo bo‘lgan “Faollashtirish” tugmasini tanlang — so‘rov qayta ishlangandan so‘ng natija chiqib, o‘z-o‘zini taqiqlash avtomatik ravishda ishga tushadi. Zarur holatda xizmat ishga tushganini tasdiqlovchi hujjatni yuklab olish mumkin.

My.gov orqali ham xizmatni o‘chirsa bo‘ladimi? Ha, bo‘ladi. O‘z-o‘ziga kredit olishni faollashtirgandan so‘ng aynan shu sahifaning o‘zida “Xizmatni o‘chirish” tugmasi orqali taqiqni bekor qilish mumkin.

06

Xizmat faollashtirilgandan keyin nima bo‘ladi?

Agar kimdir sizning nomingizga kredit rasmiylashtirishga urinsa, bank yoki mikrokredit tashkiloti bu arizani rad etadi. Shuningdek, siz ham kredit bitimini tuzishga taqiq qo‘yish xizmati yoqilgan bo‘lsa kredit ololmaysiz. Qarz mablag‘lariga ehtiyoj tug‘ilsa, avvalo taqiqni bekor qilish, so‘ngra bankka murojaat etish kerak bo‘ladi.

07

Xizmatdan foydalanish pullikmi?

Yo‘q, bepul. Bundan tashqari, xizmatdan foydalanishga cheklov qo‘yilmagan — taqiqni istalgancha o‘rnatish va olib tashlash mumkin.